13 июня, 2019 г. 19:25

Qishloqda farmatsevtika korxonasi

Mamlakatimizda iqtisodiyotga xorijiy sarmoyalarni jalb etishga qaratilayotgan katta e’tibor va yaratilayotgan qulay investitsion muhit qo‘shma korxonalarning safi kengayib, barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Namangan viloyatida bugungi kunda ellikdan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib, ularning sanoat mahsulotidagi, eksportdagi ulushi o‘sib borayotgani buning tasdig‘idir.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida yaratilgan yanada keng imkoniyatlar samarasida Namangan tumanining Bog‘ishamol qishlog‘ida dori-darmonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Merrymed Farm LTD” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyat boshladi.

O‘zbekistondagi “Gulifarm” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Xitoyning “Xinjang Feiteng Import & Export Trading Co.LTD” kompaniyasi tomonidan kiritilgan sarmoya yordamida qisqa muddatda tumanning farmatsevtika ishlab chiqarishining o‘ziga xos talablariga mos hududida qariyb bir gektar maydonni egallagan zamonaviy korxona majmuasi ishga tushirildi. U ishlab chiqarish sexi, laboratoriya, mikrobiologiya xonasi, shuningdek, ma’muriy-xo‘jalik binolarini o‘z ichiga olgan. Xitoydan keltirilgan eng ilg‘or texnologik uskunalar o‘rnatilib, muvaffaqiyatli sinov-ishlab chiqarish jarayonlaridan so‘ng korxona to‘la quvvat bilan ishlay boshladi.

Hozir korxonada o‘nga yaqin turdagi xalqaro standartlarga javob beradigan dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.

– Korxonamizda 365 million so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi qo‘shma korxona ish boshqaruvchisi Nasimjon Azizov. – Mahsulotlarimiz o‘z xaridorlarini topmoqda. Uch yil muddatga soliq to‘lovlaridan ozod etilganimiz mahsulotlarimiz tannarxini kamaytirish imkonini berayotir. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.

Korxonada 25 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.



Оставить отзыв
Оценка:
              
Текст отзыва

Ваше имя
Ваш комментарий будет опубликован после проверки модератором