Poytaxtimizda tibbiy-ijtimoiy patronaj xizmatini rivojlantirishga bag‘ishlangan respublika anjumani bo‘lib o‘tdi. “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik, idora va qo‘mitalar, jamoat tashkilotlari, farmatsevtika kompaniyalari vakillari, shifokorlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Komilov, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholi salomatligini mustahkamlash, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, onalik va bolalikni muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Bu borada qabul qilingan davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi samarasida aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishning zamonaviy tizimi shakllantirildi. Joylarda 3200 dan ziyod qishloq vrachlik punktlari xalqimizga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatmoqda. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi, ixtisoslashtirilgan tibbiy-ilmiy markazlar faoliyati izchil yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori aholi reproduktiv salomatligini saqlash, tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.
Oilalarni tibbiy-ijtimoiy jihatdan muhofazalash, oila a’zolarining, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligini asrash, tibbiy-ijtimoiy, ruhiy, huquqiy muhofazaga muhtoj ayollar va bolalarni aniqlash hamda ularga samarali yordam ko‘rsatish, oilada tibbiy madaniyatni oshirish, kasalliklarning oldini olish, profilaktika tadbirlarining ahamiyatini tushuntirishda tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi muhim o‘rin tutadi. Jumladan, mazkur qaror asosida “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi huzurida tashkil etilgan Tibbiy-ijtimoiy markaz izchil faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu markaz tomonidan oilalarning ahvolini har tomonlama o‘rganish, tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’nan va jismonan barkamol voyaga yetishini ta’minlash yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilayotir. Zamonaviy tibbiy diagnostika vositalari bilan ta’minlangan ko‘chma tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari yurtimizning barcha hududlariga, eng chekka qishloq va ovullarga borib, aholi, xususan, onalar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Aholi o‘rtasida, mahallalarda, ta’lim maskanlarida, xonadonlarda sog‘lom turmush tarzi, reproduktiv salomatlik, OITS va OIV infeksiyasidan himoyalanish kabi dolzarb mavzularda doimiy tibbiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Bunday keng ko‘lamli tadbirlar mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofazalash, onalar va bolalar o‘limi hamda kasalliklarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Anjumanda tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimida erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar, reproduktiv salomatlikni saqlash va mustahkamlash yo‘llari, bu borada mahallalarning o‘rni, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, bolalarda uchraydigan kasalliklarni davolashda qo‘llanilayotgan zamonaviy shifo vositalarining o‘ziga xos xususiyatlariga oid ma’ruzalar tinglandi.