13 июня, 2019 г. 19:25

El sog‘ligi – yurt boyligi

Mamlakatimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi!” shiori ostida “Salomatlik haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbir Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishda, aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sirdaryo viloyatida haftalik doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tekshirish institutlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining yetakchi olimlari, yuqori malakali shifokorlari ishtirokida joylarda keng qamrovli, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etilmoqda.

Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda mazkur tuman va Sayxunobod tumanidan 1700 ga yaqin aholi kardiolog, terapevt, nevropatolog, lor, ultratovush tekshiruvi, urolog, travmatolog kabi yetuk mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ayrim bemorlarga mamlakat miqyosidagi davolash-profilaktika muassasalari, tibbiy markazlarga yo‘llanmalar berildi. O‘n nafar nogiron o‘z uylarida tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning to‘rt nafariga nogironlik aravachasi topshirildi. “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan bemorlarga dori-darmonlar tarqatildi.

– Ko‘p yillardan buyon chap oyog‘imni yaxshi bosa olmayman, – deydi ko‘rikdan o‘tayotgan D.Karimova. – Men tekshiruvdan o‘tgach, jarrohlardan respublika davolash muassasalaridan biriga yo‘llanma oldim.

– Eng avvalo, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, nogironlar tekshiruvdan o‘tkazilib, ularga kerakli tibbiy yordam va tavsiyalar berildi, – deydi guruh a’zosi, tibbiyot fanlari doktori Shohaydar Shotursunov. – Tibbiyot birlashmasida buning uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligi tadbirni yuqori saviyada tashkil etish imkonini berdi.

– Tibbiy ko‘rikda aholining faol ishtirok etishi xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib borayotganidan dalolatdir, – deydi guruh a’zosi, tibbiyot fanlari nomzodi, endokrinolog shifokor Nodira Alixonova. – Buqoq kasalligi va uning asoratidan aziyat chekayotgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatdik. Aholining ushbu xastalikning oldini olish, uni o‘z vaqtida, asoratsiz davolatishga bo‘lgan intilishlari bizni quvontirdi.

Haftalik davomida viloyatning barcha tumanlari qamrab olinadi, joylarda sog‘lom turmush asoslari, oilada tibbiy madaniyatni oshirish yuzasidan tushuntirish ishlari olib boriladi.

“Salomatlik haftaligi” Farg‘ona viloyatida ham davom etmoqda.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, sog‘lom millat, sog‘lom avlodgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. Shu bois, mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridanoq aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatni yuksaltirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada ishlab chiqilgan davlat dasturlarida belgilangan vazifalar hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgani o‘z samarasini berayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan istiqlolimizning 20 yillik bayramiga bag‘ishlab mamlakatimizning barcha viloyatlarida o‘tkazilayotgan “Salomatlik haftaligi” el sog‘ligini saqlash yo‘lida olib borilayotgan yana bir xayrli tadbir bo‘ldi.

Haftalik doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tekshirish institutlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining yetakchi olimlari, yuqori malakali shifokorlari Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida ham bo‘lib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borayotir.

– Hozirga qadar Rishton, Bag‘dod va Oltiariq tumanlarida minglab aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, endokrinolog vrach Barno Shog‘azatova. – Ko‘rik davomida malakali shifokorlar tomonidan bemorlarga 11 yo‘nalish bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, qishloq aholisiga buqoq, oshqozon-ichak, buyrak-tosh kasalliklarining oldini olish yuzasidan tavsiyalar berilmoqda.

– Anchadan beri o‘ng buyragimdagi toshdan aziyat chekib kelaman, – deydi Toshloq tumanidagi Arabmozor qishlog‘ida yashovchi Hasanboy G‘aniyev. – Poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar tekshirib, davolanishim uchun Respublika urologiya markaziga yo‘llanma berishdi. Bizga ko‘rsatilayotgan bu kabi e’tibordan juda mamnunmiz.

– Tibbiy ko‘rik yuqori saviyada tashkil etilmoqda, – deydi Rishton tumanilik Vohidjon Qosimov. – Buning uchun tumanimizning eng olis qishloqlarida ham sharoitlar yetarli. Bu yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligiga yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganidan dalolatdir.



Оставить отзыв
Оценка:
              
Текст отзыва

Ваше имя
Ваш комментарий будет опубликован после проверки модератором