Poytaxtimizda “Sut – maktablar uchun” dasturi natijalarini umumlashtirish va kelgusi bosqichlarda hayotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi va bir qator boshqa tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning dastlabki bosqichi natijalari ta’lim, tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya, tadbirkorlik sohasi vakillari tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari A.Xolbekov, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Komilov va boshqalar yurtimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustda qabul qilingan “Ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Qarorga ko‘ra, ta’lim muassasalarining oshxona va bufetlaridagi oziq-ovqatlarning sifati va xavfsizligi ustidan davlat sanitariya nazorati yanada kuchaytirildi. Maktablarda ovqatlanishni tashkil etishga oid faoliyat tanlov-tender asosida saralab olingan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotir.
Hozir yurtimizdagi barcha maktablar oshxonalariga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, saqlash, tayyorlash jarayonida belgilangan talab va me’yorlarga amal qilinmoqda. Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi hamkorligidagi “Sut – maktablar uchun” loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham maktab yoshidagi bolalarning ovqatlanish sifatini yanada yaxshilash, ularni sifatli sut mahsulotlari bilan ta’minlashdan iboratdir. Loyiha doirasida Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyatining bir necha maktablari o‘quvchilari sifatli sut mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.
– Maktabimizga mazkur loyiha doirasida aseptik karton idishga qadoqlangan sut mahsulotlari yetkazib berilmoqda, – deydi Toshkent shahridagi 324-umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori Salima Sharopova. – Sutni doimiy iste’mol qilish natijasida o‘quvchilarimizning vazni va bo‘yida, qolaversa, fanlarni o‘zlashtirishlarida ham sezilarli ijobiy ko‘rsatkichlar kuzatilmoqda.
Konferensiyada “Sut – maktablar uchun” loyihasi doirasida bolalarning salomatligini yanada mustahkamlash borasidagi natijalar atroflicha tahlil qilindi. Loyihaning navbatdagi bosqichidagi vazifalar belgilab olindi.
Источник