13 июня, 2019 г. 19:25

Sog‘lom avlod kamoloti yo‘lida

Poytaxtimizda Jahon chaqaloqlarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligida mamlakatimizning ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va YUNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, tibbiy ilmiy markazlar olimlari, shifokorlar, ko‘krak suti bilan oziqlantirish milliy loyihasi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni sog‘lom va barkamol etib kamolga yetkazish, onalik va bolalikni muhofazalash, aholi reproduktiv salomatligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar bermoqda. “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” maqsadli dasturi, onalik va bolalikni muhofazalash, oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirish, millat genofondini mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Keyingi o‘n yilda mamlakatimizda onalar o‘limi koeffitsiyenti 33,1 promilledan 19,7 promillega, bolalar o‘limi koeffitsiyenti esa 18,9 promilledan 10,1 promillega tushgani, tug‘ma va irsiy kasalliklar bilan tug‘iladigan bolalar soni qariyb ikki barobar kamaygani ana shu sa’y-harakatlar natijasidir.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilorom Ahmedovaning ta’kidlashicha, bolalarni ko‘krak suti bilan oziqlantirishni keng targ‘ib etish, homilador ayollarga va chaqaloqlarga integrallashgan usulda tibbiy xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotir. Natijada onalar va bolalar salomatligi yaxshilanib, bolalar o‘limi va kasalliklarining oldini olishga erishilayotir.

Mamlakatimiz bu yo‘nalishda jahon miqyosida amalga oshirilayotgan xayrli tashabbuslar va loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Ko‘krak suti bilan emizishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha butunjahon alyansi tomonidan dunyoning bir yuz yetmishdan ortiq davlatida o‘tkazilayotgan haftalik bunga misoldir.

Onalar va bolalarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish mamlakatimiz sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatining bosh mezonidir. Bu boradagi vazifalarni to‘la ado etayotgan bir qator shifoxonalarimiz YUNISEFning “Bolaga mehri baland shifoxona” sertifikatini olgan. Joriy yilda joylardagi o‘ttiz uch tug‘uruq majmuasi, o‘n sakkiz oilaviy poliklinika va yigirmaga yaqin qishloq vrachlik punkti ushbu yo‘nalishdagi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Matbuot anjumanida bolalarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish tadbirlarining ona va bola salomatligida tutgan o‘rni, yurtimizda tibbiy xizmatni takomillashtirish borasidagi tadbirlar samaralariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.



Оставить отзыв
Оценка:
              
Текст отзыва

Ваше имя
Ваш комментарий будет опубликован после проверки модератором