Mamlakatimizda poliomiyelitga qarshi milliy emlash kunlarining oltinchi bosqichi boshlandi. 28 mayga qadar davom etadigan ushbu tadbir doirasida besh yoshgacha bo‘lgan qariyb uch million nafar bola emlanadi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda tibbiy-ijtimoiy sohada olib borilayotgan islohotlar inson manfaatlarini muhofazalashda yuksak samaralar berayotir. Yurtimizda aholini yuqumli kasalliklardan muhofazalashning o‘ziga xos tizimi shakllantirilgani ham buning dalilidir. Milliy emlash taqvimiga muvofiq, yurtimizda 16 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar og‘ir yuqumli kasalliklarga qarshi reja asosida emlanmoqda.
Bunday tadbirlar natijasida mamlakatimizda yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror saqlanmoqda. Biroq, o‘tgan yili mintaqamizdagi ayrim davlatlarda poliomiyelit kasalligi qayd etildi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan immunoprofilaktika ishlarini yanada kuchaytirishni va qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etadi. Shunga muvofiq, yurtimizda bosqichma-bosqich milliy emlash kunlari tashkil etilmoqda. Bundan maqsad – poliomiyelit bo‘yicha vaziyatni barqaror saqlash, aholi, ayniqsa, bolalar salomatligini muhofazalashdan iborat.
YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasida milliy emlash kunlarining oltinchi bosqichiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ma’lum qilinishicha, immunizatsiya tadbirlarining navbatdagi bosqichida ham 5 yoshgacha bo‘lgan qariyb uch million bola qamrab olinadi.
Vaksinalar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEF ko‘magida Belgiyaning “GlaxoSmithKline” kompaniyasidan olib kelindi. Respublikamizning turli hududlariga yetkazib berishda ularning sifatini ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Emlash ishlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida joylarda tibbiyot xodimlari ishtirokida kasallikning klinikasi, tashxisi va davolashning zamonaviy usullariga oid seminarlar tashkil etildi. Immunizatsiya tadbirlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida o‘n mingdan ortiq emlash punkti, chekka hududlarda vaksinatsiya o‘tkazish uchun sakkiz ming olti yuzga yaqin sayyor brigada tashkil etildi. Emlashning bolalar salomatligini asrashdagi ahamiyatini aholiga yetkazish maqsadida joylarda turli uchrashuvlar, muloqotlar, davra suhbatlari tashkil etildi.
– Emlash bolalarni yuqumli kasalliklardan himoyalashning eng samarali yo‘lidir, – deydi poytaxtimizning Uchtepa tumani tibbiyot birlashmasi bosh pediatri Feruza Ergashova. – Hozir har bir ota-ona va oila a’zolari farzandining og‘ziga ikki tomchi vaksina tomizish orqali uni og‘ir xastalik – poliomiyelitdan asrab qolish mumkinligini yaxshi biladi. Shu bois, o‘z vaqtida emlash punktlariga murojaat qilishadi. Tumanimizda milliy emlash kunlarining oltinchi bosqichida 22 ming nafardan ziyod bola emlashga jalb etiladi. Vaksinatsiya ishlarini o‘tkazish uchun yetmishga yaqin brigada shakllantirildi. Emlash uchun ishlatilayotgan vaksina mutlaqo xavfsiz va samaralidir.
Emlash tadbirlari mamlakatimizning barcha hududlarida ana shunday puxta tayyorgarlik asosida o‘tmoqda. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi va joylarda tashkil etilgan maxsus shtablarda emlash jarayonining borishi va uning natijalari muntazam monitoring qilinayotir.