Davlatimiz rahbarining 2009 yil 21 mayda qabul qilingan “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning barcha hududiy filiallarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanmoqda.
Orolbo‘yida ham aholining tez va sifatli tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotir. Ayni maqsadda Qo‘ng‘irot, Chimboy, Xo‘jayli, Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlaridagi tibbiyot muassasalariga o‘nta maxsus jihozlangan “Damas” rusumli tez yordam mashinalari topshirildi.
– Aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilishda tez tibbiy yordam xizmatining o‘rni va ahamiyati katta, – deydi Chimboy tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Sveta Allamuratova. – Yurtboshimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish jarayonida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Har yili yangi avtotransport vositalari bilan ta’minlanayotganimiz bois chaqiruvlarga tezlik bilan yetib borish, bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz. Bundan tashqari, tuman markazidan uzoqda joylashgan “Mayjap” hamda “Kenges” ovul fuqarolar yig‘inlarida tez tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari ochilib, olis hududlarda yashovchi aholiga qulayliklar yaratildi.