13 июня, 2019 г. 19:25

Qon xizmati takomillashmoqda

Poytaxtimizdagi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutining qon quyish stansiyasida 14 iyun – Xalqaro donorlar kuniga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokorlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash va tibbiy xizmatni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Bu jarayonda donorlikni yanada rivojlantirish, qon xizmati xavfsizligini ta’minlash va takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 30 avgustda qabul qilingan “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Yurtimizda donorlik va qon quyish xizmatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etilayotgan onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga qaratilgan loyiha doirasida yurtimizning barcha hududlaridagi qon quyish stansiyalari qayta ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Tadbirda qon quyish stansiyalariga tibbiy vositalar bilan ta’minlangan o‘n sakkizta «Damas» va ikkita «Isuzu» rusumidagi avtobus topshirildi. «Damas»lar qon va uning komponentlarini tashish moslamalari bilan jihozlangan. Respublika va Farg‘ona viloyat qon quyish stansiyalariga ajratilgan avtobuslar esa joylarda qon yig‘ishni tashkil etish uchun mo‘ljallangan.

– Yurtimizda qon quyish xizmatini takomillashtirishga qaratilayotgan bunday e’tibor xalqimizning salomatligini yanada mustahkamlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutining qon quyish stansiyasi bosh shifokori A’lonur Saidov. – Ayni paytda yurtimizning barcha hududlarda qon markazlari tashkil etilayotir. Ajratilgan yangi texnika tizimdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Tadbirda qon xizmati hamda donorlikning bugungi holati, istiqbollari, jahon tibbiyoti va ilm-fanning bu boradagi yutuqlari, viloyatlardagi qon quyish stansiyalarida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari samaralariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.



Оставить отзыв
Оценка:
              
Текст отзыва

Ваше имя
Ваш комментарий будет опубликован после проверки модератором