13 июня, 2019 г. 19:25

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori vositalari

Yurtimiz tabiati shifobaxsh va noyob o‘simliklarga boy. Zaminimizda o‘sadigan 4,5 mingdan ortiq turdagi o‘simlikdan 1150 xili dorivorlar sirasiga kiradi. Ayni vaqtda mazkur dorivor o‘simliklar asosida tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari uchun dori vositalari tayyorlanmoqda.

Poytaxtimizda istiqlol yillarida mahalliy o‘simliklar asosida yaratilgan dori vositalari mavzuida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu xususida so‘z yuritildi. Unda sohaga tegishli tashkilotlar, ilmiy-tekshirish institutlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori S.Rashidova, Bioorganik kimyo instituti direktori A.To‘rayev va boshqalar mamlakatimizda korxonalarni texnik va texnologik yangilash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga oid tadqiqotlar ko‘lami kengayib, tibbiyot va farmatsevtika sanoatida islohotlar samaradorligi ta’minlanayotganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, dori vositalarini mahalliy xomashyo asosida tayyorlash, yuqori sifat va eksportbopligini ta’minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.

Mahalliy tabiiy dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish, mahsuldorligini oshirish, shifobaxsh giyohlar va sintetik xomashyolar asosida yangi dori vositalari tayyorlashning zamonaviy, samarali texnologiyalarini yaratish yuzasidan qator fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda. Mustaqillik yillarida olimlarimiz tomonidan mahalliy o‘simliklar asosida 30 turdagi yangi dori vositasi yaratilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgani buning dalilidir.

Jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining S.Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutida yurtimizda o‘sadigan o‘simlik xomashyosi asosida bir qator dori vositalari yaratilmoqda. Ilmiy jamoa yaratgan, dunyoda muqobili bo‘lmagan dori vositasi – “Allapinin”ning eksport hajmi tobora oshmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan modernizatsiya va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish samarasida Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida mahalliy o‘simliklardan foydalanib, kuyish natijasida zararlangan teri o‘rnini bosuvchi plyonka ko‘rinishidagi dori, virusga qarshi yuqori faollikka ega “SelAgrip” yaratildi. Ushbu dori ishlab chiqarish va tibbiyot amaliyotida virusli gripp, o‘tkir respirator virusli kasalliklarga qarshi qo‘llash uchun tasdiqlandi.

Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.



Оставить отзыв
Оценка:
              
Текст отзыва

Ваше имя
Ваш комментарий будет опубликован после проверки модератором