KARBAMAZEPIN 0,2 tabletkalari N50

KARBAMAZEPIN 0,2 tabletkalari N50 qo'llanmasi
Farmakokinetikasi
Absorbsiya sekin, lekin to'liq, ovqat qabul qilish so'rilish tezligi va darajasiga sezilarli ta'sir qilmaydi. Bir marta ichga qabul qilingandan so'ng qon plazmasidagi maksimal konsentratsiya Smax ga 12 soatdan keyin erishiladi. 400 mg karbamazepin bir marta ichga qabul qilingandan so'ng o'zgarmagan faol modda Smax ning o'rtacha qiymati taxminan 4,5 mkg/ml ni tashkil qiladi. Qon plazmasida maksimal konsentratsiyaga erishish vaqti (TSmax) - ichga qabul qilinganda 4-5 soat.
Plazmadagi preparatning muvozanat konsentratsiyalariga 1-2 haftadan keyin erishiladi (erishish tezligi metabolizmning individual xususiyatlariga: jigar ferment tizimlarining autoinduksiyasi, bir vaqtda qo'llaniladigan boshqa vositalar tomonidan heteroinduksiyaga), shuningdek bemorning holati, preparat dozasi va davolash davomiyligiga bog'liq. Terapevtik diapazonda muvozanat konsentratsiyalari qiymatlarida sezilarli individual farqlar kuzatiladi: ko'pchilik bemorlarda qiymatlar 4 dan 12 mkg/ml gacha (17-50 mkmol/l) o'zgarib turadi.
Karbamazepin-10,11-epoksid (farmakologik faol metabolit) konsentratsiyalari karbamazepin konsentratsiyasining taxminan 30 % ini tashkil qiladi.
Plazma oqsillari bilan bog'lanishi bolalarda - 55-59 %, kattalarda - 70-80 %. Taxminiy taqsimlanish hajmi - 0,8 - 1,9 l/kg. Orqa miya suyuqligi va so'lakda oqsillar bilan bog'lanmagan faol modda miqdoriga proporsional (20 - 30 %) konsentratsiyalar hosil bo'ladi. Yo'ldosh to'sig'i orqali o'tadi.
Ko'krak sutidagi konsentratsiyasi plazmadagining 25 - 60 % ini tashkil qiladi.
Jigarda, asosan epoksid yo'li bo'yicha asosiy metabolitlar: faol - karbamazepin-10,11-epoksid va glyukuron kislotasi bilan nofaol kon'yugat hosil bo'lishi bilan metabolizmga uchraydi. Karbamazepinning karbamazepin-10,11-epoksidga biotransformatsiyasini ta'minlovchi asosiy izoferment sitoxrom P450 (CYP 3A4) hisoblanadi. Ushbu metabolik reaksiyalar natijasida kam faol metabolit 9-gidroksi-metil-10 karbamoilakridan ham hosil bo'ladi. O'z metabolizmini induksiya qilishi mumkin. Karbamazepin-10,11-epoksid konsentratsiyasi karbamazepin konsentratsiyasining 30 % ini tashkil qiladi.
Bir marta peroral doza qabul qilingandan keyingi yarim chiqarilish davri (Т1/2) - 25 - 65 soat (o'rtacha taxminan 36 soat), takroriy qabul qilingandan so'ng davolash davomiyligiga qarab 12 - 24 soat (jigar monooksigenaza tizimining autoinduksiyasi tufayli). Qo'shimcha ravishda boshqa tutqanoqqa qarshi vositalar - monooksigenaza tizimi induktorlarini (fenitoin, fenobarbital) qabul qilayotgan bemorlarda yarim chiqarilish davri o'rtacha 9 - 10 soatni tashkil qiladi.
400 mg karbamazepin bir marta ichga qabul qilingandan so'ng qabul qilingan dozaning 72% siydik bilan va 28% - axlat bilan chiqariladi. Qabul qilingan dozaning taxminan 2% siydik bilan o'zgarmagan karbamazepin ko'rinishida, taxminan 1% - 10,11-epoksid metabolit ko'rinishida chiqariladi.
Bolalarda karbamazepinning tezroq eliminatsiyasi tufayli, kattalarga qaraganda 1 kg tana vazniga hisoblanganda preparatning yuqoriroq dozalarini qo'llash talab etilishi mumkin.
Keksa yoshdagi bemorlarda karbamazepin farmakokinetikasi o'zgarishi (yoshroq katta yoshli shaxslarga nisbatan) to'g'risida dalolat beruvchi ma'lumotlar yo'q.
Buyrak yoki jigar funksiyasi buzilgan bemorlarda karbamazepin farmakokinetikasi bo'yicha ma'lumotlar hozirgi vaqtgacha mavjud emas.
Nojo'ya samaralari
Turli nojo‘ya reaksiyalarning uchrash tezligini baholashda quyidagi gradatsiyalar qo‘llanilgan: juda tez-tez - 10% va undan tez-tez; tez-tez - 1-10%; ba'zida - 0,1-1%; kam hollarda - 0,01-0,1%; juda kam hollarda - 0,01% dan kam.
Dozaga bog‘liq nojo‘ya reaksiyalar odatda bir necha kun ichida, o‘z-o‘zidan ham, preparat dozasini vaqtincha kamaytirgandan keyin ham o‘tib ketadi. MNS tomonidan nojo‘ya reaksiyalarning rivojlanishi preparatning nisbiy dozasidan oshib ketishining yoki qon plazmasida faol modda kontsentratsiyasining sezilarli o‘zgarishining oqibati bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda plazmada preparat kontsentratsiyasini monitoring qilish tavsiya etiladi.
Nerv tizimi tomonidan: juda tez-tez - bosh aylanishi, ataksiya, uyquchanlik, umumiy holsizlik; tez-tez - bosh og‘rig‘i, akkomodatsiya parezi; ba'zida - anomal ixtiyorsiz harakatlar (masalan, tremor, "hilpillovchi" tremor - asterixis, distoniya, tiklar); nistagm; kam hollarda - orofasial diskineziya, ko‘zni harakatlantiruvchi buzilishlar, nutq buzilishlari (masalan, dizartriya), xoreoatetoid buzilishlar, periferik neyropatiya, paresteziyalar, miasteniya, parez; juda kam hollarda - xavfli neyroleptik sindrom.
Ruhiyat buzilishlari: kam hollarda - gallyutsinatsiyalar (ko‘rish yoki eshitish), depressiya, ishtahaning pasayishi, anoreksiya, bezovtalik, agressiv - xulq-atvor, qo‘zg‘alish, dezorientatsiya; juda kam hollarda - psixozning faollashishi, o‘z joniga qasd qilish xulq-atvori (sh.j. o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar).
Teri va teri osti to‘qimalari tomonidan: tez-tez - allergik reaksiyalar, allergik dermatit, eshakemi; ba'zida - eksfoliativ dermatit, eritrodermiya; kam hollarda - tizimli qizil yuguruk, qichishish; juda kam hollarda - multiform ekssudativ eritema (sh.j. Stivens-Djonson sindromi), toksik epidermal nekroliz (Layell sindromi), fotosensibilizatsiya, multiform va tugunli eritema, teri pigmentatsiyasining buzilishi, purpura, akne, terlash, soch to‘kilishi.
Yuqori sezuvchanlik reaksiyalari: kam hollarda - isitma, teri toshmalari, vaskulit (sh.j. teri vaskulitining namoyon bo‘lishi sifatida tugunli eritema), limfadenopatiya, limfomaga o‘xshash belgilar, artralgiyalar, leykopeniya, eozinofiliya, gepatolienal sindrom va jigar funktsiyasi ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi bilan kechuvchi ko‘p a'zoli sekin kechuvchi o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari (ushbu ko‘rinishlar turli xil kombinatsiyalarda uchraydi), boshqa a'zolar ham jalb qilinishi mumkin (masalan, o‘pka, buyraklar, me'da osti bezi, miokard, yo‘g‘on ichak). Juda kam hollarda - mioklonus va periferik eozinofiliya bilan aseptik meningit, anafilaktoid reaksiya, angionevrotik shish, allergik pnevmonit yoki eozinofil pnevmoniya. Yuqorida ko‘rsatilgan allergik reaksiyalar yuzaga kelganda preparatni qo‘llash to‘xtatilishi kerak.
Qon va limfa tizimi tomonidan: juda tez-tez - leykopeniya; tez-tez - trombositopeniya, eozinofiliya; kam hollarda - leykotsitoz, limfadenopatiya, foliy kislotasi yetishmovchiligi; juda kam hollarda - agranulotsitoz, aplastik anemiya, pantsitopeniya, anemiya, haqiqiy eritrotsitar aplaziya, megaloblast anemiya, o‘tkir "o‘zgaruvchan" porfiriya, retikulotsitoz, gemolitik anemiya.
Me'da-ichak yo‘llari tomonidan: juda tez-tez - ko‘ngil aynishi, qusish; tez-tez - og‘iz qurishi; ba'zida - diareya, qabziyat; kam hollarda - qorinda og‘riq; juda kam hollarda - glossit, stomatit, pankreatit.
Yurak-qon tomir tizimi tomonidan: kam hollarda - yurak ichki o‘tkazuvchanligining buzilishi, qon bosimining pasayishi yoki oshishi; juda kam hollarda - bradikardiya, aritmiyalar, hushdan ketish holatlari bilan atrioventrikulyar blokada, kollaps, surunkali yurak yetishmovchiligining kuchayishi yoki rivojlanishi, yurak ishemik kasalligining kuchayishi (sh.j. stenokardiya xurujlarining paydo bo‘lishi yoki tezlashishi), tromboflebit, tromboembolik sindrom.
Jigar va o‘t chiqarish yo‘llari tomonidan: juda tez-tez - gamma-glutamintransferaza faolligining oshishi (jigarda ushbu ferment induksiyasi oqibatida), bu odatda klinik ahamiyatga ega emas; tez-tez - qon ishqoriy fosfatazasi faolligining oshishi; ba'zida - "jigar" transaminazalari faolligining oshishi; kam hollarda - xolestatik, parenximatoz (gepatotsellyulyar) yoki aralash turdagi gepatit, sariqlik; juda kam hollarda - granulematoz gepatit, jigar yetishmovchiligi.
Endokrin tizim va moddalar almashinuvi tomonidan: tez-tez - shishlar, suyuqlikning ushlanib qolishi, tana vaznining ortishi, giponatriemiya va antidiuretik gormon ta'siriga o‘xshash samara tufayli plazma osmolyarligining pasayishi, bu kamdan-kam hollarda letargiya, qusish, bosh og‘rig‘i, dezorientatsiya va nevrologik buzilishlar bilan kechuvchi suvli intoksikatsiyaga (suyultirish giponatriemiyasi) olib keladi; juda kam hollarda - giperprolaktinemiya (galaktoreya va ginekomastiya bilan kechishi mumkin); L-tiroksin (erkin tiroksin, tiroksin, triyodtironin) kontsentratsiyasining pasayishi va tireotrop gormon darajasining oshishi (odatda klinik ko‘rinishlar bilan kechmaydi); suyak to‘qimasida kaltsiy-fosfor almashinuvining buzilishi (plazmada kaltsiy va 25-gidroksi-xolekaltsiferol kontsentratsiyasining pasayishi), bu osteomalyatsiya/osteoporozga olib keladi; giperxolesterinemiya (shu jumladan yuqori zichlikdagi lipoproteinlar xolesterini) va gipertriglitseridemiya.
Buyrak va siydik chiqarish yo‘llari tomonidan: juda kam hollarda - interstitsial nefrit, buyrak yetishmovchiligi, buyrak funktsiyasining buzilishi (masalan, albuminuriya, gematuriya, oliguriya, mochevina/azotemiyaning oshishi), tez-tez siydik chiqarish, siydik tutilishi, jinsiy funktsiyaning buzilishi.
Skelet-mushak va biriktiruvchi to‘qima tomonidan: kam hollarda - mushak zaifligi; juda kam hollarda - artralgiya, mialgiya yoki talvasalar.
Sezgi a'zolari tomonidan: juda kam hollarda - ta'm bilishning buzilishi, gavhar xiralashishi, kon'yunktivit; eshitishning buzilishi, sh.j. quloqlarda shovqin, giperakuziya, gipoakuziya, tovush balandligini idrok etishning o‘zgarishi.
Nafas olish tizimi tomonidan: juda kam hollarda - isitma, hansirash, pnevmonit yoki pnevmoniya bilan tavsiflanuvchi o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari.
Laboratoriya tadqiqotlari natijalariga ta'siri: juda kam hollarda - gipogammaglobulinemiya.
Boshqalar: kamdan-kam hollarda girsutizm haqida xabar berilgan, ammo ushbu asoratning karbamazepin qabul qilish bilan sabab-oqibat bog‘liqligi noaniq qolmoqda.
Maxsus saqlash sharoitlari
Preparat odatda absanslarda va mioklonik xurujlarda samarasiz.
Preparat faqat muntazam tibbiy kuzatuv sharti bilan qo'llanilishi kerak.
Preparatni qabul qilish vaqtida trombotsitlar va leykotsitlar sonining o'tkinchi yoki turg'un kamayishi turli chastotada qayd etiladi, bu ko'pchilik hollarda aplastik anemiya yoki agranulotsitoz boshlanishi darakchisi hisoblanmaydi. Davolashni boshlashdan oldin, shuningdek davolash jarayonida vaqti-vaqti bilan trombotsitlar va, ehtimol, retikulotsitlar sonini hisoblashni o'z ichiga olgan klinik qon tahlillarini o'tkazish, shuningdek qon plazmasida temir kontsentratsiyasini aniqlash kerak.
Preparat bilan davolashni boshlashdan oldin va davolash jarayonida vaqti-vaqti bilan siydikning umumiy tahlilini va qondagi karbamid darajasini tekshirish, qon zardobida elektrolitlar kontsentratsiyasini aniqlash tavsiya etiladi (chunki giponatriemiya rivojlanishi mumkin). Davolashni boshlashdan oldin va davolash jarayonida jigar funktsiyalarini tekshirish zarur, ayniqsa anamnezida jigar kasalliklari haqida ma'lumotlar bo'lgan bemorlarda, shuningdek keksa yoshdagi bemorlarda. Mavjud jigar funktsiyasi buzilishlari kuchayganda yoki faol jigar kasalligi paydo bo'lganda, preparatni bekor qilish kerak.
Preparat kuchsiz xolinergik faollikka ega, shuning uchun preparat ko'z ichi bosimi yuqori bo'lgan bemorlarda qo'llanilganda, ushbu ko'rsatkichni doimiy nazorat qilish zarur.
Karbamazepin estrogenlar va/yoki progesteron saqlagan dori preparatlarining samaradorligini pasaytirishi mumkin, shuning uchun tug'ish yoshidagi ayollar preparat bilan davolash davrida homiladorlikdan saqlanishning muqobil usullarini qo'llashlari zarur.
Qon plazmasida karbamazepin kontsentratsiyasini muntazam aniqlash quyidagi vaziyatlarda zarur: xurujlar chastotasi keskin oshganda; bemor preparatni to'g'ri qabul qilayotganligini tekshirish uchun; homiladorlik vaqtida; bolalar yoki o'smirlarni davolashda; preparat so'rilishi buzilishiga shubha qilinganda; bemor bir nechta dori preparatlarini qabul qilayotgan bo'lsa, toksik reaktsiyalar rivojlanishiga shubha qilinganda.
Hozirgi vaqtda erkaklar fertilligi buzilishlari va/yoki spermatogenez buzilishlari haqida alohida xabarlar ro'yxatga olingan (ushbu buzilishlarning karbamazepin qabul qilish bilan bog'liqligi hozircha aniqlanmagan).
Karbamazepin qabul qilishni to'satdan to'xtatish epileptik xurujlarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar davolashni keskin to'xtatish zarur bo'lsa, bemorni bunday hollarda ko'rsatilgan preparat (masalan, v/i yoki rektal yuboriladigan diazepam, yoki v/i yuboriladigan fenitoin) himoyasi ostida boshqa epileptik vositaga o'tkazish kerak.
Epilepsiyaga qarshi preparatlarni olayotgan bemorlarda suitsidal xulq-atvor, shu jumladan suitsid haqida fikrlar paydo bo'lishi xavfi oshganligi qayd etiladi. Shu munosabat bilan depressiya kuchayishi, suitsidal xulq-atvor, kayfiyatdagi boshqa o'zgarishlar yoki bemorning g'ayrioddiy xulq-atvorini o'z vaqtida aniqlash maqsadida bemorning holatini sinchkovlik bilan nazorat qilish kerak.
Transport vositasini va mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta'siri:
Davolash davrida transport vositasini boshqarishda va diqqatni yuqori jamlashni hamda psixomotor reaktsiyalar tezligini talab qiluvchi boshqa potentsial xavfli faoliyat turlari bilan shug'ullanishda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarur.
Qo'llanilishi mumkin bo'lmagan holatlar
Karbamazepinga yoki kimyoviy jihatdan o'xshash dori preparatlariga (masalan, tritsiklik antidepressantlarga) yoki preparatning boshqa komponentlariga gipersezuvchanlik, suyak ko'migi qon yaratishining buzilishi, o'tkir "o'zgaruvchan" porfiriya, shu jumladan anamnezda, atrioventikulyar blokada, monoaminoksidaza ingibitorlari bilan bir vaqtda qabul qilish (tritsiklik antidepressantlar bilan tizilmaviy o'xshashlik).
Ehtiyotkorlik bilan:
Quyidagi holatlar va kasalliklarda preparatni ehtiyotkorlik bilan qo'llash kerak: dekompensatsiyalangan surunkali yurak yetishmovchiligi, suyultirish giponatriemiyasi (antidiuretik gormon gipersekretsiyasi sindromi, gipopituitarizm, gipotireoz, buyrak usti bezi po'stlog'i yetishmovchiligi), keksa yosh, faol alkogolizm (markaziy nerv tizimining susayishi, karbamazepin metabolizmi kuchayadi), suyak ko'migi qon yaratishining susayishi; jigar yetishmovchiligi, surunkali buyrak yetishmovchiligi, prostata bezi giperplaziyasi, ko'z ichki bosimining oshishi.
Epilepsiya monoterapiyasini kichik dozalarni tayinlashdan boshlaydilar, istalgan terapevtik samaraga erishilguncha ularni individual ravishda oshirib boradilar.
Optimal dozani tanlash maqsadida, ayniqsa kombinatsiyalangan terapiyada plazmadagi konsentratsiyani aniqlash maqsadga muvofiqdir.
Bemor karbamazepinga o'tkazilganda oldin tayinlangan epileptikaga qarshi vosita dozasini to'liq bekor qilinguncha asta-sekin kamaytirish kerak.
Allergik reaksiyalar yoki taxminan Stivens-Djonson sindromi yoki Layell sindromi rivojlanishidan dalolat beruvchi simptomlar paydo bo'lganda karbamazepin darhol bekor qilinishi kerak. Kuchsiz ifodalangan teri reaksiyalari (izolatsiyalangan makulyar yoki makulopapulyoz ekzantema) odatda davolash davom ettirilganda ham yoki preparat dozasi pasaytirilgandan keyin ham bir necha kun yoki hafta ichida o'tib ketadi (bu vaqtda bemor shifokorning sinchkov nazorati ostida bo'lishi kerak). Yashirin kechuvchi psixozlarning faollashishi, keksa yoshdagi bemorlarda esa - dezorientatsiya yoki qo'zg'alish rivojlanishi ehtimolini hisobga olish kerak.
Karbamazepin bilan bir vaqtda peroral kontratseptivlar qo'llanilganda ayollarda hayz ko'rishlar orasidagi davrda qon ketishlar yuzaga kelishi haqida xabarlar ma'lum. Bemorlarga ehtimoliy gematologik buzilishlarga xos bo'lgan toksiklikning erta belgilarini, shuningdek teri qoplamalari va jigar tomonidan simptomlarni yetkazish zarur. Isitma, tomoqda og'riq, toshma, og'iz bo'shlig'i shilliq qavatining yaralanishi, sababsiz "ko'karishlar", petexiyalar yoki purpura ko'rinishidagi gemorragiyalar kabi nojo'ya reaksiyalar paydo bo'lgan taqdirda darhol shifokorga murojaat qilish zarurligi haqida bemorga ma'lumot beriladi. Progressivlanmaydigan simptomatik leykopeniya preparatni bekor qilishni talab etmaydi, biroq progressivlanuvchi leykopeniya yoki infeksion kasallikning klinik belgilari bilan kechuvchi leykopeniya paydo bo'lganda davolashni to'xtatish kerak.
Reproduktiv yoshdagi ayollarda karbamazepin iloji boricha minimal samarali dozadan foydalangan holda monoterapiya ko'rinishida qo'llanilishi kerak - kombinatsiyalangan epileptikaga qarshi davolash o'tkazilgan ayollardan tug'ilgan yangi tug'ilgan chaqaloqlarda tug'ma anomaliyalar uchrash tezligi ushbu epileptikaga qarshi vositalarning har birini monoterapiya ko'rinishida qabul qilganlarga qaraganda yuqori.
Homiladorlik va laktatsiya:
Homiladorlik yuzaga kelganda (homiladorlik davrida karbamazepinni tayinlash masalasini hal qilishda) terapiyaning kutilayotgan afzalliklari va uning mumkin bo'lgan asoratlarini, ayniqsa homiladorlikning dastlabki 3 oyida sinchkovlik bilan taqqoslash kerak.
Ma'lumki, epilepsiya bilan og'rigan onalardan tug'ilgan bolalar ona qornida rivojlanishning buzilishiga, shu jumladan rivojlanish nuqsonlariga moyil bo'ladilar. Karbamazepin, boshqa barcha epileptikaga qarshi vositalar kabi, ushbu buzilishlarning paydo bo'lish xavfini oshirishga qodir. Tug'ma kasalliklar va rivojlanish nuqsonlari, shu jumladan umurtqa pog'onasi yoylarining bitmay qolishi (spina bifida) holatlari to'g'risida yagona xabarlar mavjud. Bemorlarga rivojlanish nuqsonlari xavfi oshishi ehtimoli va antenatal diagnostikadan o'tish imkoniyati haqida ma'lumot berilishi kerak.
Epileptikaga qarshi vositalar homiladorlik paytida tez-tez kuzatiladigan foliy kislotasi yetishmovchiligini kuchaytiradi, bu esa bolalarda tug'ma nuqsonlar rivojlanishi uchrash tezligining oshishiga yordam berishi mumkin (homiladorlikdan oldin va homiladorlik vaqtida foliy kislotasini qo'shimcha qabul qilish tavsiya etiladi). Yangi tug'ilgan chaqaloqlarda qon ketishining oldini olish maqsadida homiladorlikning so'nggi haftalarida ayollarga, shuningdek yangi tug'ilgan chaqaloqlarga K1 vitaminini tayinlash tavsiya etiladi.
Karbamazepin ko'krak sutiga o'tadi, davom etayotgan terapiya sharoitida emizishning afzalliklari va mumkin bo'lgan istalmagan oqibatlarini taqqoslash kerak. Karbamazepin qabul qilayotgan onalar o'z farzandlarini emizishlari mumkin, agar bola ustidan mumkin bo'lgan nojo'ya reaksiyalar (masalan, yaqqol uyquchanlik, allergik teri reaksiyalari) rivojlanishi yuzasidan kuzatuv o'rnatilsa.
Onalari karbamazepinni boshqa tirishishga qarshi vositalar bilan bir vaqtda qabul qilgan yangi tug'ilgan chaqaloqlarda epileptik xurujlar, qusish, diareya va/yoki oziqlanishning pasayishi, tirishishlar va/yoki nafas olishning susayishi bir nechta holatlari tasvirlangan (ehtimol, bu reaksiyalar yangi tug'ilgan chaqaloqlarda "bekor qilish" sindromi ko'rinishlarini ifodalaydi).
Dori vositalarining o'zaro ta'siri
Sitoxrom CYP3A4 karbamazepin metabolizmini ta'minlaydigan asosiy ferment hisoblanadi. Karbamazepinni CYP3A4 ingibitorlari bilan bir vaqtda tayinlash uning qon plazmasidagi kontsentratsiyasining oshishiga olib kelishi va nojo'ya reaktsiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. CYP3A4 induktorlarini birga qo'llash karbamazepin metabolizmining tezlashishiga, karbamazepinning qon plazmasidagi kontsentratsiyasining pasayishiga va terapevtik samaraning kamayishiga olib kelishi mumkin, aksincha, ularni bekor qilish karbamazepin metabolizmi tezligini pasaytirishi va plazmada karbamazepin kontsentratsiyasining oshishiga olib kelishi mumkin.
Karbamazepinning plazmadagi kontsentratsiyasini oshiradi: verapamil, diltiazem, felodipin,
dekstropropoksifen, viloksazin, fluoksetin, fluvoksamin, simetidin, asetazolamid, danazol, dezipramin, nikotinamid (kattalarda, faqat yuqori dozalarda); makrolidlar (eritromitsin, jozamitsin, klaritromitsin, troleandomitsin); azollar (itrakonazol, ketokonazol, flukonazol), terfenadin, loratadin, izoniazid, propoksifen, greypfrut sharbati, OIV-infektsiyasini davolashda ishlatiladigan virusli proteaza ingibitorlari (masalan, ritonavir) - dozalash rejimini to'g'irlash yoki plazmada karbamazepin kontsentratsiyasini monitoring qilish talab etiladi.
Karbamazepin kontsentratsiyasini fenobarbital, fenitoin, primidon, metsuksimid, fensuksimid, teofillin, rifampitsin, tsisplastin, doksirubitsin, ehtimol: klonazepam, valpromid, valproat kislotasi, okskarbazepin va teshik dalachoy (Hypericum perforatum) saqlovchi o'simlik preparatlari pasaytiradi. Felbamat plazmada karbamazepin kontsentratsiyasini pasaytiradi va karbamazepin-10,11-epoksid kontsentratsiyasini oshiradi, bunda bir vaqtning o'zida felbamatning zardobdagi kontsentratsiyasi pasayishi mumkin.
Valproat kislotasi va primidonning karbamazepinni plazma oqsillari bilan bog'lanishdan siqib chiqarishi va farmakologik faol metabolit (karbamazepin-10,11-epoksid) kontsentratsiyasini oshirishi mumkinligi to'g'risida xabarlar mavjud.
Izotretinoin karbamazepin va karbamazepin-10,11-epoksidning mavjudligini va/yoki klirensini o'zgartiradi (plazmada karbamazepin kontsentratsiyasini nazorat qilish zarur).
Karbamazepin quyidagi preparatlarning plazmadagi kontsentratsiyasini pasaytirishi (ta'sirini kamaytirishi yoki hatto butunlay yo'q qilishi) va dozalarini to'g'irlashni talab qilishi mumkin: klobazam, klonazepam, etosuksimid, primidon, valproat kislotasi, alprazolam, GKS (prednizolon, deksametazon), siklosporin, doksitsiklin, galoperidol, metadon, estrogenlar va/yoki progesteron saqlovchi peroral preparatlar (muqobil kontratseptsiya usullarini tanlash zarur), teofillin, peroral antikoagulyantlar (varfarin, fenprokumon, dikumarol), lamotridjin, topiramat, tritsiklik antidepressantlar (imipramin, amitriptilin, nortriptilin, klomipramin), klozapin, felbamat, tiagabin, okskarbazepin, OIV-infektsiyasini davolashda ishlatiladigan proteaza ingibitorlari (indinavir, ritonavir, sakvinovir), kaltsiy kanallari blokatorlari (digidropiridonlar guruhi, masalan, felodipin), itrakonazol, levotiroksin, midazolam, olazapin, prazikvantel, risperidon, tramadol, tsiprazidon.
Karbamazepin qabul qilish fonida qon plazmasida fenitoin darajasi ham oshishi, ham pasayishi, mefenitoin darajasi esa oshishi (kamdan-kam hollarda) mumkinligi to'g'risida xabarlar mavjud. Karbamazepin paratsetamol bilan birga qo'llanilganda uning jigarga toksik ta'siri xavfini oshiradi va terapevtik samaradorligini pasaytiradi (paratsetamol metabolizmining tezlashishi). Karbamazepinni fenotiazin, pimozid, tioksantenlar, molindon, galoperidol, maprotilin, klozapin va tritsiklik antidepressantlar bilan bir vaqtda tayinlash MNSga susaytiruvchi ta'sirning kuchayishiga va karbamazepinning tirishishga qarshi ta'sirining susayishiga olib keladi. Monoaminoksidaza ingibitorlari giperpiretik krizlar, gipertonik krizlar, tirishishlar, o'lim holati rivojlanish xavfini oshiradi (karbamazepinni tayinlashdan oldin monoaminoksidaza ingibitorlari kamida 2 hafta oldin yoki klinik vaziyat imkon bersa, undan ham ko'proq muddat oldin bekor qilinishi kerak). Karbamazepinni diuretiklar (gidroxlorotiazid, furosemid) bilan bir vaqtda qo'llash klinik ko'rinishlar bilan kechadigan giponatriemiyaga olib kelishi mumkin.
Karbamazepin nodepolyarizatsiyalovchi miorelaksantlar (pankuroniy) ta'sirini susaytiradi. Bunday kombinatsiyani qo'llashda miorelaksantlar dozasini oshirish zarurati tug'ilishi mumkin, bunda bemorlarni diqqat bilan kuzatish kerak, chunki ularning ta'siri tezroq to'xtashi mumkin.
Karbamazepin alkogolning o'zlashtirilishini pasaytiradi, shu munosabat bilan bemorlarga alkogol iste'mol qilishdan voz kechish tavsiya etiladi.
Bevosita bo'lmagan antikoagulyantlar, gormonal kontraseptiv preparatlar, foliy kislotasi, prazikvantel metabolizmini tezlashtiradi, qalqonsimon bez gormonlari eliminatsiyasini kuchaytirishi mumkin. Umumiy anesteziya uchun dori preparatlari (enfluran, galotan, ftorotan) metabolizmini tezlashtiradi, gepatotoksik ta'sirlar xavfini oshiradi; metoksifluranning nefrotoksik metabolitlari hosil bo'lishini kuchaytiradi.
Izoniazidning gepatotoksik ta'sirini kuchaytiradi.
Mielotoksik vositalar karbamazepinning gematotoksikligi namoyon bo'lishini kuchaytiradi. Karbamazepin va levetiratsetamni birga qabul qilganda alohida hollarda karbamazepinning toksik ta'siri kuchayishi qayd etilgan.
Greypfrut sharbati bilan birga qabul qilish plazmada karbamazepin darajasini oshirishi mumkin.
Dozirovkasi
Preparatni ham monoterapiya ko'rinishida, ham kombinatsiyalangan terapiya tarkibida qo'llash mumkin.
Boshqa preparatlar bilan dori o'zaro ta'sirlarini va epilepsiyaga qarshi preparatlarning farmakokinetikasi xususiyatlarini hisobga olgan holda, keksa bemorlarga preparat dozalarini ehtiyotkorlik bilan tanlash kerak.
Epilepsiya
Iloji bo'lsa, preparatni monoterapiya ko'rinishida qo'llash kerak.
Preparatni kichik xurujlarda (petit mal, absans) va mioklonik xurujlarda qo'llamaydilar.
Davolash kichik sutkalik dozadan boshlanadi, keyinchalik u optimal samaraga erishilgunga qadar sekin oshiriladi.
Karbamazepin dozasi tirishish holatlarini adekvat nazorat qilishga erishish uchun individual ravishda tanlanadi.
Preparatning optimal dozasini tanlash uchun qon plazmasidagi faol modda konsentratsiyasini aniqlash tavsiya etiladi. Epilepsiyani davolashda qon plazmasidagi karbamazepinning umumiy konsentratsiyasi 4-12 mkg/ml (17-50 mkmol/l) darajasiga mos keladigan karbamazepin dozasi zarur.
Karbamazepinni qabul qilinayotgan boshqa epilepsiyaga qarshi preparatlarga qo'shganda uning dozasi asta-sekin oshiriladi.
Zarurat bo'lganda qabul qilinayotgan preparatlar dozalariga tegishli tuzatish kiritiladi.
Kattalar uchun karbamazepinning boshlang'ich dozasi 100-200 mg dan kuniga 1 yoki 2 marta.
Keyin doza optimal davolash samarasiga erishilgunga qadar sekin oshiriladi;
odatda unga 400 mg dan kuniga 2-3 marta dozada erishiladi. Ba'zi bemorlarga sutkalik dozani 1600 mg yoki 2000 mg gacha oshirish talab qilinishi mumkin.
O'tkir maniakal holatlar va affektiv (bipolyar) buzilishlarni ushlab turuvchi davolash
Sutkalik doza 400-1600 mg ni tashkil qiladi.
O'rtacha sutkalik doza - 400-600 mg (2-3 qabulda). O'tkir maniakal holatda dozani ancha tez oshirish kerak. Bipolyar buzilishlarning ushlab turuvchi terapiyasida optimal o'zlashtirishni ta'minlash maqsadida har bir keyingi dozani oshirish kichik bo'lishi kerak, sutkalik doza asta-sekin oshiriladi.
Alkogolli abstinensiya sindromi
O'rtacha doza kuniga 3 marta 200 mg ni tashkil qiladi. Og'ir holatlarda dastlabki bir necha kun davomida doza oshirilishi mumkin (masalan, kuniga 3 marta 400 mg dozagacha). Alkogolli abstinensiyaning og'ir ko'rinishlarida davolashni sedativ va uxlatuvchi ta'sir ko'rsatadigan preparatlar (masalan, klometiazol, xlordiazepoksid bilan) kombinatsiyada preparatni qo'llashdan boshlaydilar. O'tkir faza bartaraf etilgandan so'ng preparat bilan davolash monoterapiya ko'rinishida davom ettirilishi mumkin. Uch shoxli nerv nevralgiyasi Kattalar uchun boshlang'ich doza sutkada 200-400 mg ni tashkil qiladi. U og'riq hislari yo'qolguncha sekin oshiriladi (odatda kuniga 3-4 marta 200 mg dozagacha). Keyin doza minimal ushlab turuvchi dozagacha asta-sekin pasaytiriladi. Kattalar uchun maksimal tavsiya etilgan doza 1200 mg/sut ni tashkil qiladi. Og'riq sindromi bartaraf etilganda preparat bilan terapiyani keyingi og'riq xuruji paydo bo'lguncha asta-sekin to'xtatish kerak.
Keksa bemorlar uchun tavsiya etilgan boshlang'ich doza kuniga 2 marta 100 mg ni tashkil qiladi, keyin doza og'riq sindromi bartaraf etilguncha sekin oshiriladi, bunga odatda kuniga 3-4 marta 200 mg dan dozada erishiladi. Keyin dozani minimal ushlab turuvchi dozagacha asta-sekin pasaytirish kerak. Ushbu toifadagi bemorlarda uch shoxli nerv nevralgiyasida maksimal tavsiya etilgan doza 1200 mg/sut ni tashkil qiladi. Og'riq sindromi bartaraf etilganda preparat bilan terapiyani keyingi og'riq xuruji paydo bo'lguncha asta-sekin to'xtatish kerak.
Preparatni qabul qilishni to'xtatish
Preparatni qabul qilishni to'satdan to'xtatish epileptik xurujlarni qo'zg'atishi mumkin, shuning uchun karbamazepinni 6 oy va undan ko'proq vaqt davomida asta-sekin bekor qilish kerak. Agar epilepsiyasi bo'lgan bemorda preparatni tez bekor qilish zarur bo'lsa, boshqa epilepsiyaga qarshi vositaga o'tish bunday hollarda ko'rsatilgan preparat himoyasi ostida amalga oshirilishi kerak.
Bolalarda qo'llanilishi
Preparatni bolalarda qo'llash uchun asosiy ko'rsatma - epilepsiya. Preparatning ushbu dori shaklini 4 yoshdan katta bolalarda kattalardagi kabi epilepsiya shakllarini davolash uchun qo'llash kerak. Davolash 100 mg/sut dozasidan boshlanishi mumkin; doza asta-sekin, haftasiga 100 mg dan ko'p bo'lmagan holda oshiriladi.
Ushlab turuvchi dozalar: bolalar uchun tana vaznining har kg siga 10-20 mg hisobidan sutkada belgilanadi (bir necha qabulda).
Bola yoshi Sutkalik doza
4-5 yosh sutkada 200-400 mg
6-10 yosh sutkada 400-600 mg
11-15 yosh sutkada 600-1000 mg
>15 yosh 800-1200 mg (kattalar kabi)
Maksimal dozalar:
< 6 yoshdagi bolalar uchun maksimal doza 35 mg/kg/sut,
6-15 yosh - 1000 mg/sut,
>15 yosh - 1200 mg/sut ni tashkil qiladi.
Bolalarda preparatni boshqa ko'rsatmalar bo'yicha qo'llash yuzasidan yetarli miqdorda ishonchli ma'lumotlar yo'qligi sababli, preparatni dozalash tartibini bolaning yoshi va vazniga muvofiq, jadvalda ko'rsatilgan dozalardan oshirmagan holda tanlash tavsiya etiladi.Dozani oshirib yuborishDozani oshirib yuborish odatda markaziy asab tizimi, yurak-qon tomir va nafas olish tizimlari tomonidan simptomlar bilan namoyon bo'ladi.
Simptomlari
Markaziy asab tizimi tomonidan: markaziy asab tizimi funksiyalarining susayishi, dezorientatsiya, uyquchanlik, qo'zg'alish, gallyusinatsiyalar, hushdan ketish holatlari, koma, ko'rish buzilishlari (ko'z oldida "tuman"), noaniq nutq, dizartriya, nistagm, ataksiya, diskineziya, giperrefleksiya (boshida), giporefleksiya (keyinroq), tirishishlar, psixomotor buzilishlar, mioklonus, gipotermiya, midriaz.
Yurak-qon tomir tizimi tomonidan: taxikardiya, arterial bosimning pasayishi, ba'zan arterial bosimning oshishi, QRS kompleksi kengayishi bilan qorincha ichi o'tkazuvchanligining buzilishi, yurak to'xtashi.
Nafas olish tizimi tomonidan: nafas olishning susayishi, o'pka shishi.
Oshqozon-ichak trakti tomonidan: ko'ngil aynishi va qusish, me'dadan ovqat evakuatsiyasining kechikishi, yo'g'on ichak motorikasining pasayishi.
Siydik chiqarish tizimi tomonidan: siydik tutilishi, oliguriya yoki anuriya; suyuqlik tutilishi; suyultirish giponatriemiyasi.
Laboratoriya ko'rsatkichlari: giponatriemiya, metabolik asidoz, giperglikemiya va glyukozuriya, kreatinfosfokinaza mushak fraksiyasining oshishi.
Davolash
O'ziga xos antidot yo'q. Davolash bemorning klinik holatiga asoslanadi. Kasalxonaga yotqizish, qon plazmasida karbamazepin konsentratsiyasini aniqlash (ushbu preparat bilan zaharlanishni tasdiqlash va dozani oshirib yuborish darajasini baholash uchun), me'dani yuvish, faollashtirilgan ko'mirni tayinlash (me'da ichidagisini kech evakuatsiya qilish kechiktirilgan so'rilishga va tiklanish davrida intoksikatsiya simptomlarining takroriy paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin) ko'rsatilgan. Reanimatsiya bo'limida simptomatik ushlab turuvchi davolash, yurak, tana harorati, buyrak va siydik pufagi funksiyalarini monitoring qilish, suv-elektrolit muvozanati buzilishlarini to'g'rilash.
Jadallashtirilgan diurez, gemodializ va peritoneal dializ samarasiz (dializ og'ir zaharlanish va buyrak yetishmovchiligi birga kelganda ko'rsatilgan). Kichik bolalarda qon quyish ehtimoli paydo bo'lishi mumkin.
Arterial bosim pasayganda: dopamin yoki dobutaminni v/i yuborish ko'rsatilgan; yurak ritmi buzilishlarida davolash individual tanlanadi; tirishishlarda - nafas olish susayishi kuchayishi mumkinligi sababli ehtiyotkorlik bilan benzodiazepinlar (masalan, diazepam) yoki boshqa tirishishga qarshi vositalar (masalan, fenobarbital) yuborish; suyultirish giponatriemiyasi (suv intoksikatsiyasi) rivojlanganda - suyuqlik yuborishni cheklash va 0,9% NaCl eritmasini sekin v/i yuborish (bosh miya shikastlanishi rivojlanishini oldini olishga yordam berishi mumkin).
Ko'mir sorbentlarida gemosorbsiya o'tkazish tavsiya etiladi.
KARBAMAZEPIN 0,2 tabletkalari N50 o'xshash dorilari




KARBAMAZEPIN 0,2 tabletkalari N50 xususiyatlari
Karbamazepin boshqa chiqarish shakllari



KARBAMAZEPIN 0,2 tabletkalari N50 analoglari















