Karbamazepin
Karbamazepin chiqarilish shakllari



Karbamazepin haqida qo'llanma
Umumiy ma'lumot
Muhim! Preparatni qo‘llashdan oldin yo‘riqnoma bilan diqqat bilan tanishib chiqishingizni so‘raymiz. Zarur bo‘lsa, shifokor yoki farmatsevtga murojaat qiling. Preparatni boshqa shaxslarga bermang.
Preparatning savdo nomi: Karbamazepin
Ta’sir etuvchi modda (XPN): karbamazepin
Dori shakli: tabletkalar
Farmakoterapevtik guruhi: tutqanoqqa qarshi vosita. Karboksamid hosilalari
ATX kodi: N03AF01
Chiqarilish shakli: Tabletkalar 200 mg. 10 ta tabletkadan kontur uyali o‘ramda. 1 yoki 5 kontur uyali o‘ramdan tibbiyotda qo‘llanilishiga doir yo‘riqnomasi bilan birga karton qutiga joylangan.
Dorixonalardan berish tartibi: Shifokor retsepti bo‘yicha.
Qo‘llash ko‘rsatmalari
• tutqanoq: ikkilamchi tarqalishi bilan yoki usiz murakkab yoki oddiy partsial tutqanoq xurujlari (hushdan ketish bilan yoki usiz); tarqalgan tonik-klonik tutqanoq xurujlari; tutqanoq xurujlarining aralash shakllari. Karbamazepin monoterapiya ko‘rinishida ham, majmuaviy davolash tarkibida ham qo‘llanishi mumkin. Karbamazepin odatda kichik /petit mal, absans/ va mioklonik xurujlarda samarali emas;
• o‘tkir maniakal holatlar va zo‘rayishlarni oldini olish yoki zo‘rayishlarning klinik ko‘rinishlarini kuchsizlantirish maqsadida, bipolyar affektiv buzilishlarning ushlab turuvchi davosi;
• alkogolli abstinensiya sindromi;
• tarqoq sklerozda uch shoxli nervning idiopatik nevralgiyasi va uch shoxli nerv nevralgiyasi (tipik va notipik); til-tomoq nervining idiopatik nevralgiyasi;
• og‘riq sindromli diabetik neyropatiya;
• markaziy kelib chiqishga ega qandsiz diabet; neyrogormonal tabiatli poliuriya va polidipsiya.
Qo'llanilishi mumkin bo'lmagan holatlar
Karbamazepin quyidagi holatlarda qo‘llanilmasin:
• AV-blokada;
• anamnezida suyak ko‘migida qon hosil bo‘lishning susayish epizodlari yoki vaqti-vaqti bilan sodir bo‘luvchi o‘tkir porfiriya haqida ma’lumotlarning bo‘lishi;
• MAO ingibitorlari bilan majmuada qo‘llanishi (tritsiklik antidepressantlar bilan tuzilish bo‘yicha o‘xshashlik); karbamazepinni buyurishdan avval MAO ingibitorlari eng kamida 2 hafta oldin, agar klinik holat imkon bersa, hatto undan ham ko‘proq muddat oldinroq bekor qilingan bo‘lishi kerak;
• karbamazepin yoki kimyoviy jihatdan o‘xshash dori preparatlariga (masalan, tritsiklik antidepressantlar) yoki preparatning boshqa tarkibiy qismlariga yuqori sezuvchanlik;
• 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar (ushbu dori shakli uchun);
• homiladorlikning birinchi uch oyligi;
• laktatsiya davrida qo‘llash mumkin emas.
Tarkibi
Bitta tabletka quyidagilarni saqlaydi:
faol modda: karbamazepin – 200 mg;
yordamchi moddalar: aerosil 300, kartoshka kraxmali, pastmolekulyar polivinilpirrolidon, talk, magniy stearati.
Yordamchi moddalar ishlab chiqaruvchiga qarab farq qilishi mumkin.
Farmakokinetikasi
So‘rilishi
Ichga qabul qilingandan so‘ng karbamazepin deyarli to‘liq, lekin nisbatan sekin so‘riladi. Bitta tabletka bir marotaba qabul qilingandan so‘ng Cmax ga 12 soatdan keyin erishiladi. Preparatning ichga qabul qilish uchun turli dori shakllari qo‘llangandan so‘ng, faol moddaning so‘rilish darajasida klinik ahamiyatga ega farqlar kuzatilmaydi.
Ovqatlanish ahamiyatli ravishda karbamazepinning so‘rilish tezligi va darajasiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Karbamazepinning plazmadagi Css ko‘rsatkichiga 1–2 hafta ichida erishiladi, bu metabolizmning shaxsiy xususiyatlariga (jigar fermentli tizimlarining karbamazepin bilan autoinduksiyasi, bir vaqtda qo‘llaniluvchi boshqa dori vositalari bilan geteroinduksiyasi), shuningdek patsiyent holati, preparat dozasi va davolash davomiyligiga bog‘liq. Terapevtik oraliqda Css qiymatlari orasidagi ahamiyatli darajadagi shaxsiy farqlanishlar kuzatiladi: ko‘pchilik patsiyentlarda ushbu qiymatlar 4 dan 12 mkg/ml (17–50 mkmol/l) gacha o‘zgarib turadi. Karbamazepin-10,11-epoksid (farmakologik faol metaboliti) konsentratsiyasi karbamazepin konsentratsiyasining taxminan 30% tashkil qiladi.
Taqsimlanishi
Karbamazepinning qon plazmasi oqsillari bilan bog‘lanishi 70–80% ni tashkil qiladi. O‘zgarmagan karbamazepinning orqa miya suyuqligidagi va so‘lakdagi konsentratsiyasi faol moddaning oqsillar bilan bog‘lanmagan ulushi (20–30%) bilan mutanosib. Karbamazepinning ko‘krak sutidagi konsentratsiyasi uning qon plazmasidagi miqdorining 25–60 foizini tashkil qiladi.
Karbamazepin platsentar to‘siqdan o‘tadi. Agar karbamazepin to‘liq so‘riladi deb hisoblansa, ehtimoliy Vd 0.8–1.9 l/kg ni tashkil qiladi.
Metabolizmi
Karbamazepin jigarda, asosan epoksidli yo‘l bo‘yicha metabolizmga uchraydi, buning natijasida asosiy metabolitlar – 10,11-transdiol hosilalar va uning glyukuron kislotasi bilan konyugati hosil bo‘ladi. Karbamazepinning karbamazepin-10,11-epoksidga biotransformatsiyasini ta’minlovchi asosiy izoferment bo‘lib CYP3A4 hisoblanadi. Ushbu metabolik reaksiyalar natijasida kam faol metabolit — 9-gidroksi-metil-10-karbamoilakridan ham hosil bo‘ladi.
Chiqarilishi
Preparat bir marotaba ichga qabul qilingandan so‘ng, davolash davomiyligiga bog‘liq holda, o‘zgarmagan karbamazepinning T1/2 o‘rta hisobda taxminan 36 soatni, preparat takroran qabul qilingandan so‘ng esa – o‘rtacha 16–24 soatni tashkil qiladi (jigarning monooksigenazali tizimi autoinduksiyasi oqibatida). Bir vaqtning o‘zida jigarning xuddi shu ferment tizimini induksiyalovchi boshqa preparatlarni (masalan, fenitoin, fenobarbital) qabul qilayotgan patsiyentlarda, karbamazepinning T1/2 o‘rta hisobda 9–10 soatni tashkil qiladi.
400 mg karbamazepin bir marotaba ichga qabul qilingandan so‘ng, qabul qilingan dozaning 72% siydik bilan, 28% esa axlat bilan chiqariladi. Qabul qilingan dozaning taxminan 2% o‘zgarmagan karbamazepin ko‘rinishida siydik bilan, taxminan 1% — farmakologik faol 10,11-epoksidli metabolit va taxminan 30 foizi — metabolizmning epoksidli yo‘li natijasida hosil bo‘lgan so‘nggi metabolitlar ko‘rinishida chiqariladi.
Maxsus klinik holatlardagi farmakokinetikasi
Bolalarda, karbamazepinning yanada tez ajralib chiqishi oqibatida, preparatning kattalar bilan solishtirilganda, kg tana vazniga hisoblangan yanada yuqori dozalarini qo‘llash talab etilishi mumkin.
Karbamazepin farmakokinetikasi keksa yoshdagi patsiyentlarda (kichikroq yoshdagi kattalar bilan solishtirilganda) o‘zgarishi to‘g‘risida dalolat beruvchi ma’lumotlar yo‘q.
Karbamazepinning buyrak yoki jigar funksiyasi buzilishi bo‘lgan patsiyentlardagi farmakokinetikasi haqida ma’lumotlar hozirgi vaqtgacha mavjud emas.
Farmakologik ta'siri
Tutqanoqqa qarshi preparat. Karbamazepin dibenzodiazepin hosilasi hisoblanadi. Tutqanoqqa qarshi ta’sir bilan bir qatorda neyrotrop va psixotrop ta’sirga ham ega.
Tutqanoqqa qarshi vosita sifatida, karbamazepin ikkilamchi yoyilish bilan birga kechuvchi yoki birga kechmaydigan fokal (partsial) tutqanoq xurujlarida (oddiy va majmuaviy), tarqalgan tonik-klonik tutqanoq xurujlarida, shuningdek keltirib o‘tilgan xurujlar majmuasida samaradordir.
Karbamazepin tutqanog‘i bo‘lgan patsiyentlarda (ayniqsa, bolalar va o‘smirlarda) monoterapiya sifatida qo‘llanilganda, preparatning, xususan, xavotirlik va depressiya belgilariga ijobiy ta’siri, shuningdek ta’sirchanlik va serjahllikni kamaytirish ko‘rinishida namoyon bo‘luvchi psixotrop ta’siri kuzatiladi.
Neyrotrop vosita sifatida karbamazepin bir qator nevrologik kasalliklarda samaradordir, masalan u uch shoxli nervning idiopatik va ikkilamchi nevralgiyasida og‘riq xurujlarining oldini oladi. Bundan tashqari, karbamazepin turli holatlarda, jumladan zahm tufayli orqa miyaning kasallanishi, posttravmatik paresteziyalar va postgerpetik nevralgiyada neyrogen og‘riqni yengillashtirish uchun qo‘llanadi. Alkogolli abstinensiya sindromida karbamazepin tirishishlarning boshlanish bo‘sag‘asini oshiradi (ayni holatda, pasaygan) va ushbu sindromning qo‘zg‘aluvchanlik, tremor, qadam tashlashning buzilishi kabi klinik ko‘rinishlari ifodalanishini kamaytiradi. Markaziy kelib chiqishga ega qandsiz diabet bilan og‘rigan patsiyentlarda karbamazepin diurez va chanqoqlik hissini kamaytiradi.
Psixotrop vosita sifatida karbamazepin affektiv buzilishlarda, aynan o‘tkir maniakal holatlarni davolash, bipolyar affektiv (maniakal-depressiv) buzilishlarni (ham monoterapiya, ham neyroleptik vositalar, antidepressantlar yoki litiy preparatlari bilan majmuada) quvvatlovchi davolash o‘tkazish uchun, shizoaffektiv psixozlar, maniakal psixozlarda esa u neyroleptiklar bilan majmuada qo‘llanganda, shuningdek o‘tkir polimorf shizofreniyada (rapid cycling episodes) samaradordir.
Ta’sir mexanizmi potensial qaram natriy kanallarining blokadasi bilan bog‘liq bo‘lib, haddan ziyod qo‘zg‘algan neyronlarning membranalari barqarorlashuviga, neyronlarning seriyali razryadlanishi paydo bo‘lishining ingibitsiya qilishiga va impulslarning sinaptik o‘tkazilishini pasayishiga olib keladi. Tutqanoqqa qarshi ta’siri, asosan, neyronlar membranalarining barqarorlashuvi va glutamat ajralib chiqishining pasayishi, glutamatning qo‘zg‘atuvchi neyromediatorli aminokislotasi faolligining kamayishi bilan asoslanadi, chunki glutamat – asosiy mediator hisoblanib, aspartatning ahamiyati haqida birorta ham chop etilgan ma’lumot mavjud emas. Markaziy nerv tizimi (MNT) ning pasaygan tirishishlar bo‘sag‘asini oshiradi va, shu yo‘l bilan tutqanoq xuruji rivojlanishi xavfini kamaytiradi. Membrananing yuqori potensiali yordamida faollashtiriladigan, kaliy o‘tkazilishining uzayishi va kalsiy kanallarining modulyatsiyasi ham preparatning tutqanoqqa qarshi ta’siriga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Shaxsning tutqanoq bilan bog‘liq o‘zgarishini bartaraf etadi va, oxir-oqibat, patsiyentlarning muloqotga kira olishlik qobiliyatini oshiradi va ularning ijtimoiy reabilitatsiyasiga yordam beradi. Asosiy terapevtik vosita sifatida va boshqa tirishishga qarshi preparatlar bilan majmuada buyurilishi mumkin.
Nojo'ya ta'sirlar
Har qanday dori preparati kabi, Karbamazepin ham har bir iste’molchida kuzatilmasa-da, nojo‘ya reaksiyalar chaqirishi mumkin.
Nojo‘ya samaralarning muayyan turlari, masalan, MNT tomonidan — bosh aylanishi, bosh og‘rishi, ataksiya, uyquchanlik, umumiy kuchsizlik, diplopiya; me’da-ichak yo‘li tomonidan — ko‘ngil aynishi, qusish; yoki allergik teri reaksiyalari nisbatan ko‘p, ayniqsa karbamazepin bilan davolanishning boshlanishida, preparatning juda katta boshlang‘ich dozasi qo‘llanilganda yoki keksa yoshdagi patsiyentlarni davolashda uchrab turadi.
Turli nojo‘ya reaksiyalarning uchrash sonini baholashda quyidagi izchilliklar qo‘llanilgan: juda tez-tez (≥10%); tez-tez (≥1% dan <10% gacha); gohida (≥0.1% dan <1% gacha); kam hollarda (≥0.01% dan <0.1% gacha); juda kam hollarda (<0.01%).
Dозага bog‘liq nojo‘ya samaralar odatda bir necha kun ichida ham o‘zidan o‘zi, ham preparat dozasi vaqtinchalik pasaytirilgandan so‘ng o‘tib ketadi. MNT tomonidan nojo‘ya samaralarning rivojlanishi preparat dozasining nisbiy oshirib yuborilishi yoki faol moddaning qon plazmasidagi konsentratsiyalarining ahamiyatli darajada o‘zgarib turishi oqibati bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda faol moddaning qon plazmasidagi miqdorini monitoring qilib turish tavsiya qilinadi.
Alohida holatlarda quyidagi nojo‘ya reaksiyalar ehtimoli bor:
MNT va periferik nerv tizimi tomonidan: juda tez-tez — bosh aylanishi, ataksiya, uyquchanlik, umumiy kuchsizlik; ko‘p — bosh og‘rishi, diplopiya, ko‘rish akkomodatsiyasining buzilishi, masalan, ko‘rishning xiralashuvi; gohida — anomal noerkin harakatlar, masalan, tremor, “parillovchi” tremor /asterixis/, distoniya, tiklar; nistagm; kam hollarda — orofatsial diskineziya, ko‘z harakatlanishining buzilishlari, nutqning buzilishi, masalan, dizartriya yoki noravon nutq, xoreoatetoid buzilishlar, periferik nevrit, paresteziya, mushaklar kuchsizligi va parez belgilari.
Karbamazepinning yomon sifatli neyroleptik sindromni chaqiruvchi yoki uning rivojlanishiga yordam beruvchi preparat sifatidagi ahamiyati, ayniqsa karbamazepin neyroleptiklar bilan birgalikda buyurilganda, noaniqligicha qolmoqda.
Ruhiyat sohasi tomonidan: kam hollarda — ko‘ruv va eshituv gallyutsinatsiyalari, depressiya, ishtahaning yo‘qolishi, xavotirlik, serjahl xulq, qo‘zg‘alish, dezoriyentatsiya; juda kam — psixozning faollashishi.
Allergik reaksiyalar: juda tez-tez — allergik teri reaksiyalari, ancha ifodalangan eshakemi; gohida — eksfoliativ dermatit, eritrodermiya; kam hollarda — qizil yuguriksimon sindrom, qichishish; juda kam — Stivens-Djonson sindromi, toksik epidermal nekroliz (Layell sindromi).
Dermatologik reaksiyalar: juda kam hollarda — fotosezuvchanlik, ko‘p shaklli va tugunli eritema, teri pigmentatsiyasining buzilishi, purpura, akne, ter ajralishining kuchayishi, sochlarning to‘kilishi. Girsutizmning kam uchraydigan holatlari haqida xabar berilgan, ammo ushbu asoratning karbamazepin qabul qilish bilan o‘zaro aloqadorligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Qon yaratish tizimi tomonidan: juda tez-tez — leykopeniya; ko‘p — trombotsitopeniya, eozinofiliya; kam hollarda — leykotsitoz, limfadenopatiya, folat kislotasi tanqisligi; juda kam hollarda — agranulotsitoz, aplastik anemiya, haqiqiy eritrotsitar aplaziya, megoblastli anemiya, o‘tkir o‘zgarib turuvchi porfiriya, retikulotsitoz, gemolitik anemiya; juda kam — gipogammaglobulinemiya.
Jigar tomonidan: juda ko‘p — gamma-glutamiltransferaza miqdorining ortishi (ushbu fermentning jigardagi induksiyasi oqibatida), bu odatda klinik ahamiyat kasb etmaydi; ko‘p — ishqoriy fosfataza miqdorining ortishi; gohida — transaminazalar miqdorining ortishi; kam hollarda — xolestatik, parenximatoz (gepatotsellyulyar) yoki aralash toifadagi gepatit, sariqlik; juda kam — granulomatozli gepatit, jigar yetishmovchiligi.
Me’da-ichak yo‘li tomonidan: juda ko‘p — ko‘ngil aynishi, qusish; ko‘p — og‘izning qurishi; gohida — diareya yoki qabziyat, qorin og‘rig‘i; juda kam — glossit, stomatit, pankreatit.
Moddalar almashinuvi tomonidan: tez-tezligi noma’lum — gipermoniyemiya.
O‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari: kam hollarda — isitma, teriga toshma toshishi, vaskulit, limfadenopatiya, limfomani eslatuvchi belgilar, artralgiyalar, leykopeniya, eozinofiliya, gepatosplenomegaliya va o‘zgargan jigar funksiyasi ko‘rsatkichlari bilan birga kechuvchi ko‘p a’zoli yuqori sezuvchanlikning sekinlashgan turi (keltirilgan ko‘rinishlar turli majmualarda uchraydi). Boshqa a’zolar ham jalb qilinishi mumkin (masalan, o‘pkalar, buyraklar, me’da osti bezi, yurak, yo‘g‘on ichak); juda kam — mioklonus va periferik eozinofiliya bilan kechuvchi aseptik meningit; anafilaktik reaksiya, angionevrotik shish; noma’lum — eozinofiliya va tizimli alomatlar bilan dori reaksiyasi (DRESS-sindromi).
Yuqorida keltirilgan o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari paydo bo‘lganda, preparat qo‘llanilishini bekor qilish lozim.
Yurak qon-tomir tizimi tomonidan: kam hollarda — yurak ichki o‘tkazuvchanligining buzilishi; arterial gipertenziya yoki gipotenziya; juda kam — bradikardiya, aritmiya, hushdan ketish bilan kechuvchi AV-blokada, kollaps, dimlanishli yurak yetishmovchiligi, YUIK ning zo‘rayishi, tromboflebit, tromboembolik sindrom.
Endokrin tizimi va moddalar almashinuvi tomonidan: tez-tez — shishlar, suyuqlikning ushlanishi, tana vaznining ortishi, giponatriyemiya va antidiuretik gormon ta’siri bilan o‘xshash samara oqibatida plazma osmolyarligining pasayishi, bu kam hollarda letargiya, qusish, bosh og‘rig‘i, dezoriyentatsiya va nevrologik buzilishlar bilan kechuvchi suyultirilgan giponatriyemiyaga olib keladi; juda kam hollarda — galaktoreya, ginekomastiya kabi ko‘rinishlar bilan kechuvchi yoki kechmaydigan prolaktin miqdorining ortishi; juda kam — qalqonsimon bez faoliyati ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi — L-tiroksin (FT4, T4, T3) miqdorining pasayishi va tireorag‘batlantiruvchi gormon miqdorining ortishi, bu odatda klinik ko‘rinishlar bilan kechmaydi; suyak to‘qimasi metabolizmining buzilishi (qon plazmasida kalsiy va 25-OH-kolekalsiferol miqdorining pasayishi), bu osteomalyatsiyaga olib keladi; alohida holatlarda — xolesterin (Xs), jumladan Xs-YUZLP va triglitseridlar konsentratsiyasining ortishi.
Siydik-jinsiy tizimi tomonidan: juda kam hollarda — interstitsial nefrit, buyrak yetishmovchiligi, buyrak funksiyasining buzilishi (masalan, albuminuriya, gematuriya, oliguriya, mochevinaning ortishi/azotemiya), tez-tez siyish, siydik tutilishi, jinsiy funksiyalarining buzilishlari/impotensiya.
Sezgi a’zolari tomonidan: juda kam — ta’m bilish hissining buzilishlari, ko‘z gavharining xiralashishi, konyunktivit; eshitishning buzilishi, jumladan quloqlarda shovqin, giperakuziya, gipoakuziya, tovush balandligini qabul qilishning o‘zgarishi.
Suyak-mushak tizimi tomonidan: juda kam hollarda — artralgiya, mushak og‘riqlari va tirishishlar.
Nafas tizimi tomonidan: juda kam hollarda — isitmalı titroq, hansirash, pnevmonit yoki zotiljam bilan ifodalanuvchi o‘pka tomonidan gipersezuvchanlik reaksiyalari.
Agar sizda ushbu yo‘riqnomada ta’riflanmagan har qanday boshqa nojo‘ya reaksiyalar qayd etilsa, iltimos, o‘zingizning shifokoringizga, farmatsevtga yoki ishlab chiqaruvchiga xabar bering.
Bolalar uchun qo'llanilishi
3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qo‘llash mumkin emas (ushbu dori shakli uchun).
Tavsiya etilgan dozadan oshirmang. Shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha qat’iy foydalaning.
Homiladorlik va laktatsiya davrida qo'llanishi
Preparatni qo‘llash vaqtida homilador ekanligingiz aniqlansa, bu haqda darhol shifokoringizga xabar bering, chunki faqat u davolashni davom ettirish zarurati haqidagi masalani hal qilishi mumkin.
Tutqanoqqa qarshi dori vositalarini qo‘llash bilan bog‘liq umumiy xavf
Tutqanoqqa qarshi terapiya olayotgan reproduktiv yoshdagi barcha ayollarga, ayniqsa homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga va homilador ayollarga, tirishish hamda tutqanoqqa qarshi davolash natijasida homila uchun kelib chiqadigan potensial xavf haqida tibbiy maslahat berish kerak.
Tutqanoqqa qarshi dori vositalari bilan davolashni to‘satdan to‘xtatishdan saqlanish kerak, chunki bu tirishishlarga olib kelishi mumkin va bu ayol hamda tug‘ilmagan bola uchun jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Agar iloji bo‘lsa, homiladorlik vaqtida tutqanoqni davolash uchun monoterapiya afzal ko‘riladi, chunki bir nechta tutqanoqqa qarshi dori vositalari bilan davolash tug‘ma nuqsonlar xavfini oshirishi mumkin.
Karbamazepin bilan bog‘liq xavflar
Karbamazepin yo‘ldosh to‘sig‘i orqali o‘tadi. Karbamazepinning prenatal ta’siri tug‘ma nuqsonlar va rivojlanishning boshqa nojo‘ya oqibatlari xavfini oshirishi mumkin.
Homiladorlik vaqtida karbamazepin ta’siri katta tug‘ma nuqsonlar tez-tezligini umumiy populyatsiyaga qaraganda 2–3 marta oshirishi mumkin, bunda umumiy populyatsiyada bu ko‘rsatkich 2–3 % ni tashkil qiladi. Homiladorlik vaqtida karbamazepin qabul qilgan onalarda homilada nerv naychasi nuqsonlari, lab/tanglay yorilishi, yurak-qon tomir tizimi nuqsonlari, gipospadiya, barmoq gipoplaziyasi va boshqa tug‘ma anomaliyalar haqida xabarlar berilgan.
Ushbu rivojlanish nuqsonlarini aniqlash uchun ixtisoslashtirilgan antenatal kuzatuv tavsiya etiladi.
Homiladorlik vaqtida karbamazepinni alohida yoki boshqa tutqanoqqa qarshi dori vositalari bilan birga qabul qilgan tutqanoqli ayollardan tug‘ilgan bolalarda nerv rivojlanishining buzilishi haqida xabarlar mavjud. Homiladorlik vaqtida karbamazepin bilan davolangan bolalarda nerv tizimi buzilish xavfi bo‘yicha tadqiqotlar qarama-qarshi bo‘lib, xavfni to‘liq inkor qilib bo‘lmaydi.
Agar muqobil davolash usullari sinchkov ko‘rib chiqilgandan so‘ng foyda ustunligi aniqlanmasa, homiladorlik vaqtida ayollarda karbamazepinni qo‘llamaslik kerak. Ayol homiladorlik vaqtida karbamazepin qabul qilish xavfi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi va buni tushunishi kerak.
Dalillar shuni ko‘rsatadiki, karbamazepinni qo‘llashda nuqsonlar rivojlanish xavfi dozaga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Agar foyda/xavf nisbatini baholash asosida davolashni davom ettirish zarur bo‘lsa, monoterapiya va karbamazepinning eng past samarali dozasi tavsiya etiladi, shuningdek qon plazmasidagi darajasini kuzatish lozim.
Qon plazmasidagi konsentratsiyani 4 dan 12 mkg/ml gacha bo‘lgan terapevtik diapazonning pastki qismida ushlab turish mumkin, bunda tirishishlar nazorat qilinadi.
Karbamazepin kabi ayrim tutqanoqqa qarshi dori vositalari qon zardobida folat miqdorini kamaytirishi mumkinligi haqida xabar berilgan. Ushbu tanqislik homilada tug‘ma nuqsonlar xavfini oshirishi mumkin. Shu sababli foliy kislotasini homiladorlikdan oldin va homiladorlik vaqtida qabul qilish tavsiya etiladi.
Bolada qon ivishining buzilishini oldini olish uchun homiladorlikning so‘nggi haftalarida onaga, shuningdek yangi tug‘ilgan chaqaloqqa K1 vitamini berish tavsiya etiladi.
Agar ayol homilador bo‘lishni rejalashtirsa, homiladorlikdan oldin kontratsepsiyani bekor qilishdan avval muqobil davolash usuliga o‘tish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishi kerak.
Agar ayol karbamazepin qabul qilish vaqtida homilador bo‘lib qolsa, davolash usulini qayta baholash va muqobil variantlarni ko‘rib chiqish uchun mutaxassisga yuborilishi kerak.
Reproduktiv yoshdagi ayollar
Karbamazepinni reproduktiv yoshdagi ayollarda faqat muqobil davolash usullaridan foyda/xavf nisbati ustun bo‘lgandagina qo‘llash mumkin.
Ayol homiladorlik vaqtida karbamazepin qabul qilishda homila uchun mumkin bo‘lgan xavf haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak, shu sababli homiladorlikni oldindan rejalashtirish muhimdir.
Karbamazepin bilan davolashni boshlashdan oldin reproduktiv yoshdagi ayollarda homiladorlik testini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqish kerak.
Reproduktiv yoshdagi ayollar davolanish vaqtida va preparat to‘xtatilgandan keyin kamida ikki hafta davomida samarali kontratsepsiya vositalaridan foydalanishlari kerak.
Fermentlar induksiyasi tufayli karbamazepin gormonal kontratseptivlarning samaradorligini pasaytirishi mumkin, shu sababli boshqa samarali kontratsepsiya usullari tavsiya etiladi.
Kamida bitta yuqori samarali kontratsepsiya usuli (masalan, bachadon ichi vositasi) yoki ikkita qo‘shimcha usul, shu jumladan to‘siq usulidan foydalanish kerak.
Kontratsepsiya usulini tanlashda bemorning individual holatini hisobga olish lozim.
Peroral kontratseptivlar bilan bir vaqtda qo‘llanganda ayollarda hayz oralig‘ida qon ketish holatlari qayd etilgan.
Buyrak faoliyati buzilganida
Anamnezida buyrak kasalliklari haqida ma’lumotlar bo‘lgan bemorlarga preparatni faqat davolashdan kutilayotgan samara va ehtimoliy xavf nisbatini qat’iy baholagandan so‘ng hamda sinchkov va muntazam nazorat ta’minlangan taqdirda buyurish lozim.
Jigar faoliyati buzilganida
Davolash jarayonida karbamazepinni buyurishdan oldin, ayniqsa anamnezida jigar kasalliklari haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lgan bemorlarda, shuningdek keksalarda jigar funksiyasini tekshirish zarur. Jigar funksiyasining mavjud buzilishlari kuchayganida yoki jigarning faol kasalligi namoyon bo‘lganda, karbamazepin darhol bekor qilinishi kerak.
Dozani oshirib yuborilishi
Sizga buyurilgan dozadan yuqoriroq doza qabul qilinganda darhol shifokorga murojaat qiling!
Simptomlari
Markaziy nerv tizimi:
MNT funksiyasining susayishi; dezorientatsiya, uyquchanlik, qo‘zg‘aluvchanlik, gallyutsinatsiyalar, koma; ko‘rishning xiralashishi, tushunarsiz nutq, dizartriya, nistagm, ataksiya, diskineziya, giperrefleksiya (boshlanishida), giporefleksiya (keyinroq); tirishishlar, ruhiy-harakat buzilishlari, mioklonus, gipotermiya, midriaz.
Nafas tizimi:
Nafas olishning susayishi, o‘pka shishi.
Yurak-qon tomir tizimi:
Taxikardiya, arterial gipotenziya; gohida gipertenziya, QRS majmuasining kengayishi bilan kechuvchi o‘tkazuvchanlik buzilishi; yurak to‘xtashi, sinkope.
Me’da-ichak yo‘li:
Qusish, me’dadan ovqat chiqishining ushlanishi, yo‘g‘on ichak motorikasining susayishi.
Siydik chiqarish tizimi:
Siydik tutilishi, oliguriya yoki anuriya; suyuqlik ushlanishi; antidiuretik gormon ta’siriga o‘xshash tarqalgan giponatriyemiya.
Laborator ko‘rsatkichlar:
Giponatriyemiya, metabolik atsidoz ehtimoli, giperglikemiya ehtimoli, kreatininfosfokinaza mushak fraksiyasining ortishi.
Davolash
Boshida davolash bemorning klinik holatiga asoslanishi kerak; bemorni shifoxonaga yotqizish tavsiya etiladi. Karbamazepinning plazmadagi konsentratsiyasini aniqlash orqali ushbu vosita bilan zaharlanishni tasdiqlash va dozani oshirib yuborish darajasi baholanadi.
Me’da ichidagini evakuatsiya qilish, me’dani yuvish, faollashtirilgan ko‘mir qo‘llash amalga oshiriladi.
Me’da ichidagining kech evakuatsiya qilinishi kechikkan so‘rilish va sog‘ayish davrida zaharlanish belgilarining qayta paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Jadal terapiya bo‘limida simptomatik va qo‘llab-quvvatlovchi davolash, yurak faoliyatini monitoring qilish, elektrolit buzilishlarini sinchkov tuzatish qo‘llaniladi.
O‘ziga xos antidoti mavjud emas.
Maxsus tavsiyalar
Arterial gipotenziya rivojlanganda vena ichiga dopamin yoki dobutamin kiritish buyuriladi; yurak ritmi buzilganda davolash individual tanlanadi; tirishishlarda tirishishga qarshi vositalar qo‘llanadi; giponatriyemiya (suvli zaharlanish) rivojlanganda suyuqlik kiritilishi cheklanadi, bu miya shishi rivojlanishining oldini olishga yordam berishi mumkin.
Ko‘mirli sorbentlar bilan gemosorbsiya tavsiya etiladi.
Jadallashtirilgan diurez, gemodializ va peritoneal dializ samarasizligi haqida xabarlar berilgan.
Doza oshirib yuborilishi belgilarining preparat qabul qilingandan keyin ikkinchi va uchinchi kuni, preparatning sekin so‘rilishi sababli, qayta kuchayishi ehtimolini oldindan hisobga olish zarur.
Dori shaklining ta'rifi
Oq yoki sarg‘ish tusli oq rangli tabletkalar.
Maxsus ko‘rsatmalari
Karbamazepin qabul qilish vaqtida agranulotsitoz va aplastik anemiya rivojlanishi mumkin. Lekin ushbu holatlar juda kam hollarda yuzaga kelishi munosabati bilan ularning xavfini aniq hisoblab chiqish qiyin. Ma’lumki, davolanmagan umumiy populyatsiyada agranulotsitoz rivojlanishining umumiy xavfi 1 mln aholiga yiliga 4,7 holatni, aplastik anemiya esa 1 mln aholiga yiliga 2,0 holatni tashkil qiladi.
Karbamazepinni qo‘llash vaqtida turli uchrash sonlari bilan trombotsitlar va leykotsitlar sonining o‘tkinchi yoki turg‘un kamayishi kuzatiladi. Lekin ko‘pchilik hollarda ushbu nojo‘ya samaralar o‘tkinchi bo‘ladi va odatda aplastik anemiya yoki agranulotsitoz boshlanishi alomati hisoblanmaydi. Shunday bo‘lsa ham, davolashni boshlashdan avval, shuningdek davolash jarayonida davriy ravishda qonning klinik tahlilini, jumladan trombotsitlar va ehtimol retikulotsitlar sonini aniqlashni o‘tkazib turish hamda qon zardobida temir miqdorini aniqlab turish kerak.
Davolanish vaqtida leykotsitlar yoki trombotsitlar sonining past miqdori (yoki ularning pasayishini jadallashishi) kuzatilgan holatlarda, diqqat bilan bemor holatini va qonning keng ko‘lamli klinik tahlil ko‘rsatkichlarini kuzatish kerak. Agar suyak iligi susayishining ahamiyatli darajadagi belgilari aniqlangan bo‘lsa, karbamazepinni bekor qilish lozim.
Karbamazepin turli majmualarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yuqori sezuvchanlik reaksiyalarini keltirib chiqarishi mumkin, shu jumladan eozinofiliya va tizimli simptomlar bilan reaksiya (DRESS-sindromi), isitma, toshma, vaskulit, limfadenopatiya, psevdolimfomalar, artralgiya, leykopeniya, eozinofiliya, jigar funksiyasi testlarining buzilishi va o‘t yo‘llari yo‘qolishi sindromi bilan kechadigan ko‘p organli yuqori sezuvchanlik buzilishi. O‘pka, buyraklar, oshqozon osti bezi, miokard va yo‘g‘on ichak kabi boshqa organlar ham ishtirok etishi mumkin.
Karbamazepinga yuqori sezuvchanligi bo‘lgan bemorlarning taxminan 25–30 % ida okskarbazepin bilan kesishma reaksiya kuzatilishi mumkin. Karbamazepin va aromatik antiepileptik dorilar (masalan, fenitoin, primidon yoki fenobarbital) o‘rtasida ham o‘zaro reaksiya bo‘lishi mumkin.
O‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyasi simptomlari paydo bo‘lsa, Karbamazepin preparati darhol to‘xtatilishi kerak.
Og‘ir dermatologik reaksiyalar, masalan Stevens-Johnson syndrome yoki Toxic epidermal necrolysis rivojlanishidan dalolat beruvchi belgilar kuzatilsa, preparatni darhol bekor qilish kerak.
Ushbu dori vositasi faqat tibbiy kuzatuv ta’minlangan sharoitda qo‘llanishi lozim.
Aralash turdagi tutqanoq xurujlari, jumladan absanslar (tipik va atipik) kuzatiladigan bemorlarda ehtiyotkorlik bilan buyuriladi. Bunday holatlarda preparat xurujlarning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar shunday holat yuz bersa, dori bekor qilinadi.
Davolashni boshlashdan oldin va davolash davomida jigar funksiyasini nazorat qilish zarur, ayniqsa anamnezida jigar kasalliklari bo‘lgan bemorlarda hamda keksalarda.
Bemorlarga ehtimoliy gematologik buzilishlarga xos bo‘lgan toksiklikning ilk belgilari, shuningdek teri va jigar tomonidan simptomlar haqida ma’lumot berish zarur. Isitma, tomoq og‘rig‘i, toshma, og‘iz bo‘shlig‘ida yaralar, sababsiz gematomalar, petexiya yoki purpura ko‘rinishidagi qon quyilishlar paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak.
Anamnezida yurak, jigar, buyrak kasalliklari, boshqa dori vositalariga gematologik nojo‘ya reaksiyalar yoki karbamazepin bilan davolash ilgari bekor qilinganligi haqida ma’lumotlar bo‘lgan bemorlarga preparat faqat foyda va xavf nisbatini baholagandan keyin, sinchkov nazorat ostida buyuriladi.
Karbamazepin bilan davolashni boshlashdan avval va davriy ravishda siydik umumiy tahlili hamda qonda mochevina miqdorini tekshirish tavsiya qilinadi.
Kuchsiz darajada yuzaga chiqqan teri reaksiyalari, masalan izolyatsiyalangan makulyar yoki makulo-papulyoz ekzantema, ko‘pchilik hollarda o‘tkinchi bo‘ladi va og‘ir kechmaydi. Odatda hatto davolash davom ettirilganda ham yoki preparat dozasi pasaytirilgandan so‘ng bir necha kun yoki hafta ichida o‘tib ketadi. Shunday bo‘lsa ham, bemor bu vaqt davomida shifokorning sinchkov kuzatuvi ostida qolishi shart.
Karbamazepin kuchsiz antixolinergik faollikka ega. Shu sababli preparat ko‘z ichki bosimi yuqori bo‘lgan bemorlarda qo‘llanganda ushbu ko‘rsatkichni doimiy nazorat qilib turish zarur.
Latent kechuvchi psixozlarning faollashishi ehtimolini, keksalarda esa dezorientatsiya yoki qo‘zg‘alish rivojlanishi ehtimolini inobatga olish kerak.
Preparat dozasi va karbamazepinning qon plazmasidagi miqdori, shuningdek plazmadagi darajasi bilan klinik samaradorligi yoki o‘zlashtirilishi o‘rtasidagi bog‘liqlik juda ham ahamiyatsiz, shunday bo‘lsa ham karbamazepin miqdorini muntazam aniqlab turish quyidagi holatlarda foydali bo‘lishi mumkin:
• xurujlar uchrash sonining keskin ko‘tarilishida
• bemor preparatni to‘g‘ri qabul qilayotganligini tekshirish uchun
• homiladorlik davrida
• bolalar va o‘smirlarni davolaganda
• preparat so‘rilishining buzilishiga gumon bo‘lganda
• agar bemor bir nechta dori vositasini qabul qilayotgan bo‘lsa, toksik reaksiyalar rivojlanishiga gumon bo‘lgan holatda
Preparatni qabul qilishni to‘satdan to‘xtatish tutqanoq xurujlarini qo‘zg‘atishi mumkin. Agar tutqanoq bilan og‘rigan bemorda davolashni keskin to‘xtatish zarur bo‘lsa, boshqa tutqanoqqa qarshi vositaga o‘tish kerak (masalan, vena ichiga yoki rektal qo‘llanadigan diazepam yoxud vena ichiga yuboriladigan fenitoin).
Ushbu dori vositasi va okskarbazepinga yuqori sezuvchanlikda kesishma reaksiyalar rivojlanishi ehtimoli mavjud.
Yuqori sezuvchanlikning kesishma reaksiyalari fenitoin bilan ham kuzatilishi mumkin.
Boshqa psixotrop vositalar kabi, preparat alkogolni o‘zlashtirish qobiliyatini pasaytirishi mumkin. Shu sababli bemorga spirtli ichimliklardan voz kechish tavsiya etiladi.
Preparatni bir vaqtning o‘zida boshqa tutqanoqqa qarshi vositalar bilan qabul qilgan onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarda tutqanoq xuruji va/yoki nafas olish susayishining bir nechta holatlari qayd etilgan. Bundan tashqari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda qusish, diareya va/yoki ovqatlanishning sustlashishi haqida ham xabar berilgan. Ehtimol, bu holatlar bekor qilish sindromining ko‘rinishlari bo‘lishi mumkin.
Fertilik
Hozirgi vaqtga kelib erkaklarda fertilitet buzilishlari va/yoki spermatogenez buzilishlari haqida alohida xabarlar mavjud, biroq bu holatlarning karbamazepin bilan bog‘liqligi to‘liq aniqlanmagan.
Keksa yoshdagi bemorlarda qo‘llanishi
Keksa yoshdagi bemorlar uchun tavsiya qilingan boshlang‘ich doza sutkada 2 marta 100 mg ni tashkil qiladi.
Avtotransport va mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’siri
Karbamazepin qabul qilayotgan bemorning, ayniqsa davolash boshida yoki doza tanlash davrida, tezkor reaksiya qobiliyati bosh aylanishi va uyquchanlik paydo bo‘lishi oqibatida buzilishi mumkin. Shu sababli avtomobil haydash yoki mexanizmlarni boshqarishda ehtiyotkorlikka rioya qilish lozim.
Dori vositalarining o'zaro ta'siri
Iltimos, davolovchi shifokoringizga yoki farmatsevtga har qanday boshqa preparatlarni qabul qilayotgan bo‘lsangiz yoki yaqinda qabul qilgan bo‘lsangiz, hatto u retseptsiz beriladigan bo‘lsa ham, bu haqda xabar bering.
CYP3A4 ingibitorlari: verapamil, diltiazem, dekstropropoksifen, viloksazin, fluoksetin, fluvoksamin, simetidin, asetazolamid, danazol, dezipramin, nikotinamid (kattalarda, faqat yuqori dozada), nefazodon, makrolid antibiotiklar (eritromitsin, troleandomitsin, jozamitsin, klaritromitsin), azollar (itrakonazol, ketokonazol, flukonazol), terfenadin, loratadin, greypfrut sharbati, virusli proteaz ingibitorlari (OIV infeksiyasini davolashda, masalan ritonavir).
CYP3A4 izofermenti preparatning faol metaboliti — karbamazepin-10,11-epoksid hosil bo‘lishini ta’minlovchi asosiy ferment hisoblanadi. Ushbu dori vositasini CYP3A4 ingibitorlari bilan bir vaqtda qo‘llash plazmadagi faol modda konsentratsiyasining oshishiga olib kelishi mumkin, bu esa nojo‘ya ta’sirlar xavfini kuchaytiradi. Bunday hollarda doza qayta ko‘rib chiqilishi va qondagi darajasi muntazam nazorat qilinishi lozim.
CYP3A4 induktorlari: fenobarbital, fenitoin, primidon, progabid yoki teofillin, metsuksimid, fensuksimid, rifampitsin, sisplatin yoki doksorubitsin, shuningdek klonazepam, valproat kislotasi yoki valpromid, okskarbazepin, dalachoy o‘simligidan olingan preparatlar (Hypericum perforatum).
Birgalikda qo‘llanganda preparat metabolizmi tezlashishi va natijada uning plazmadagi miqdori kamayishi mumkin, bu esa terapevtik samarani susaytiradi. Shu bilan birga, CYP3A4 induktorlarini bekor qilish biotransformatsiya tezligini pasaytirib, qondagi konsentratsiyaning oshishiga olib kelishi mumkin.
Felbamat.
Bir vaqtda buyurilganda zardobdagi faol modda miqdori kamayishi mumkin. Bu faol metabolit konsentratsiyasining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, bunda felbamatning zardobdagi darajasi pasayadi.
Izotretinoin.
Ushbu vosita va uning faol metaboliti biokiraolishligi hamda/yoki klirensini o‘zgartirishi mumkin. Bunday holatda plazmadagi faol modda konsentratsiyasini nazorat qilish talab etiladi.
Paratsetamol.
Preparatni paratsetamol (atsetaminofen) bilan birgalikda qo‘llash paratsetamolning biokiraolishini kamaytirishi mumkin.
Izoniazid.
Bir vaqtda qo‘llanganda izoniazidning gepatotoksik ta’siri kuchayishi haqida xabarlar mavjud.
Litiy, metoklopramid, galoperidol, tioridazin.
Birgalikda qo‘llanganda noxush nevrologik reaksiyalar rivojlanish tez-tezligi ortishi mumkin (so‘nggi kombinatsiyada — hatto qon plazmasidagi faol moddalarning terapevtik konsentratsiyasida ham).
Gidroxlorotiazid, furosemid.
Bir vaqtning o‘zida qo‘llanilganda klinik namoyon bo‘lish bilan kechadigan giponatriyemiyaga olib kelishi mumkin.
Miorelaksantlar.
Karbamazepin depolyarizatsiyaga uchramaydigan mushak relaksantlari (masalan, pankuroniy) samaralariga qarshi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Dori vositalarining bunday majmuasi qo‘llanganda, ko‘rsatib o‘tilgan miorelaksantlar dozasini oshirish zarurati tug‘ilishi mumkin; bemorlarni diqqat bilan kuzatish lozim, chunki miorelaksantlar ta’siri kutilganidan ko‘ra tezroq to‘xtashi mumkin.
Saqlash sharoitlari
Quruq, yorug‘likdan himoyalangan joyda, 25°C dan yuqori bo‘lmagan haroratda saqlansin.
Bolalar ololmaydigan joyda saqlansin.
Yaroqlilik muddati: 2 yildan boshlab. Ishlab chiqaruvchiga bog‘liq va qadoqda ko‘rsatilgan.
Yaroqlilik muddati o‘tgandan so‘ng qo‘llanilmasin.
Qo‘llash usuli va dozirovkasi
Har doim Karbamazepinni davolovchi shifokoringiz tavsiyalariga aniq amal qilgan holda qo‘llang. Agar siz nimadandir ishonchingiz komil bo‘lmasa, shifokoringiz yoki farmatsevtdan so‘rang.
Karbamazepin monoterapiya ko‘rinishida ham, majmuaviy davolash tarkibida ham qo‘llanilishi mumkin.
Preparatni ovqatlanish vaqtida, undan oldin, keyin yoki ovqatlanishlar oralig‘ida oz miqdordagi suyuqlik bilan birga qabul qilish mumkin.
Kattalar
Tutqanoq
Doza individual ravishda tanlanadi. Optimal dozani tanlash uchun karbamazepinning qon plazmasidagi konsentratsiyasini nazorat qilish mumkin.
Karbamazepinning qon plazmasidagi terapevtik konsentratsiyasi 4–12 mkg/ml (17–50 mkmol/l) ni tashkil qiladi.
Qabul qilinayotgan boshqa tutqanoqqa qarshi preparatlarga karbamazepin qo‘shilganda karbamazepinning dozasi asta-sekin oshiriladi. Zarurat bo‘lsa, qabul qilinayotgan preparatlarning dozalariga mos ravishda tuzatish kiritish zarur. Kattalar uchun boshlang‘ich doza sutkada 1–2 marta 100–200 mg ni tashkil etadi. So‘ngra optimal davolash samarasiga erishilgunga qadar doza asta-sekin oshiriladi; odatda doza sutkada 2–3 marta 400 mg gacha yetkaziladi. Maksimal sutkalik doza 1600–2000 mg.
Keksa yoshdagi patsiyentlarda davolashni kichik dozadan boshlash tavsiya qilinadi, lekin ushbu patsiyentlar toifasi uchun dozalar yuqorida ko‘rsatilganlardan farqlanishiga asoslar yo‘q.
Uch shoxli nerv nevralgiyasi
Tavsiya qilingan boshlang‘ich doza sutkada 200–400 mg ni tashkil qiladi. Doza qoniqarli klinik samara olingunga qadar bosqichma-bosqich oshirib borilishi mumkin, ayrim holatlarda u sutkada 1600 mg ni tashkil qilishi mumkin. Og‘riq sindromi remissiya bosqichiga o‘tgandan so‘ng, doza asta-sekin pasaytirilishi mumkin.
Alkogolli abstinensiya sindromi
O‘rtacha doza sutkada 3 marta 200 mg ni tashkil qiladi. Og‘ir holatlarda ilk bir necha kun davomida doza oshirilishi mumkin, masalan, sutkada 3 marta 400 mg gacha.
Alkogolli abstinensiyaning og‘ir ko‘rinishlarida davolash karbamazepinni sedativ-uxlatuchi preparatlar bilan majmuada qo‘llash bilan boshlanadi, masalan, klometiazol, xlordiazepoksid bilan. O‘tkir fazadan o‘tilgandan so‘ng, karbamazepin bilan davolash monoterapiya ko‘rinishida davom ettirilishi mumkin.
Markaziy kelib chiqishga ega qandsiz diabet
Kattalar uchun o‘rtacha doza sutkada 2–3 marta 200 mg ni tashkil etadi. Bolalarda preparat dozasi bolaning yoshi va tana vazniga muvofiq holda kamaytirilishi lozim.
Og‘riq sindromli diabetik neyropatiya
Karbamazepinning o‘rtacha dozasi sutkada 2–4 marta 200 mg ni tashkil qiladi.
O‘tkir maniakal holatlar va affektiv (bipolyar) buzilishlarning ushlab turuvchi davosi
Sutkalik doza 400–1600 mg ni tashkil qiladi. O‘rtacha sutkalik doza 400–600 mg, 2–3 marta qabul qilish bilan. O‘tkir maniakal holatda karbamazepin dozasini yetarli darajada tez oshirish kerak. Bipolyar buzilishlarni ushlab turuvchi davolash holatida, optimal o‘zlashtira olinishini ta’minlash maqsadida, dozani bosqichma-bosqich katta bo‘lmagan miqdorda oshirib borish tavsiya qilinadi.
Bolalarda qo‘llanilishi
Bolalarda karbamazepinni qo‘llashning asosiy ko‘rsatkichi tutqanoq hisoblanadi. Preparatning ushbu dori shakli 3 yoshdan katta bolalarda kattalardagi kabi tutqanoq shakllarini davolash uchun qo‘llanilishi kerak.
Davolashni sutkada 100 mg dozadan boshlash mumkin; doza asta-sekin oshiriladi, haftasiga 100 mg dan oshmaydi. Bolalar uchun samarasini bir maromda tutib turuvchi dozalar sutkada 10–20 mg/kg tana vazni hisobiga, bo‘lib qabul qilishlarda belgilanadi:
• 3 yoshdan 5 yoshgacha — 200–400 mg, 1–2 qabul qilishga;
• 6 yoshdan 10 yoshgacha — 400–600 mg, 2–3 qabul qilishga;
• 11 yoshdan 15 yoshgacha — 600–1000 mg, 2–3 qabul qilishga;
• 15 yoshdan katta o‘smirlarga kattalar dozasi qo‘llaniladi.
Bolalar uchun maksimal sutkalik doza:
• 6 yoshgacha — 35 mg/kg;
• 6 yoshdan 15 yoshgacha — 1000 mg;
• 15 yoshdan katta o‘smirlarga — 1200 mg.
3 yosh va undan kichik yoshdagi bolalar uchun tavsiya etilgan boshlang‘ich doza sutkada 20–60 mg ni tashkil etganligi sababli, har kuni sutkada 20–60 mg dan asta-sekin oshirib borilishi bilan karbamazepinni boshqa dozalash shaklida, masalan suspenziya shaklida qabul qilish maqsadga muvofiqdir.
Preparatni qabul qilishni to‘xtatish
Preparatni to‘satdan to‘xtatish tutqanoq xurujlarini qo‘zg‘atishi mumkin. Agar tutqanog‘i bo‘lgan patsiyentlarda preparatni bekor qilish zarur bo‘lsa, boshqa tutqanoqqa qarshi vositalarga o‘tish bunday holatlarda ko‘rsatilgan dori vositasi ostida amalga oshirilishi kerak, masalan, diazepam — vena ichiga yoki rektal ravishda, yoki vena ichiga yuborilgan fenitoin.
- 1. Dori vositalari va tibbiy buyumlar Davlat reestri (O‘zbekiston Respublikasi)
- 2. Ishlab chiqaruvchining rasmiy yo‘riqnomasi
- 3. Anatomik-terapevtik-kimyoviy tasnif (ATX)

















