Pantenol
Pantenol chiqarilish shakllari


Pantenol haqida qo'llanma
Umumiy ma'lumot
Dori vositasining nomi: Pantenol
Chiqarilish shakli: Sirtga qo‘llash uchun aerozol
Farmakoterapevtik guruhi: Dermatologik vositalar. Yaralar va yaralarni davolash uchun preparatlar. Yarani bitkazuvchi vositalar.
ATX kodi: D03AX03.
Dorixonalardan berish tartibi: Shifokor retseptisiz.
Qadoqlanishi: 58 g yoki 116 g dan alyuminiy konteynerlarda. Bitta konteyner purkagich nasadkasi, himoya qalpoqchasi va yo‘riqnoma bilan birga qutiga joylanadi.
Qo‘llash ko‘rsatmalari
Teri va shilliq qavatlarning shikastlanishlarini kompleks davolashda, shu jumladan shilinmalar, kuyishlar, aseptik operatsiyadan keyingi yaralar, teri transplantatsiyasi, bullyoz va pufakchali dermatitlarda qo‘llaniladi.
Qo'llanilishi mumkin bo'lmagan holatlar
Preparat tarkibiy qismlariga yuqori individual sezuvchanlik.
Ko‘p miqdorda yiringli ekssudat ajralishi bilan kechuvchi yiringli yaralar.
Tarkibi
Bir konteyner quyidagilarni saqlaydi:
Faol modda: dekspantenol 2,5 g yoki 5,0 g.
Yordamchi moddalar: A tipidagi emulsiyalovchi setostearil spirti, 7 mol etilen oksidli makrogolglitserol kokoat, metilparagidroksibenzoat, propilenglikol, kaliy дигidrofosfat, natriy fosfat ikki asosli 12-suvli, tozalangan suv, xladon 134a.
Farmakodinamikasi
Dekspantenol pantoten kislotasining spirtli analogi bo‘lib, oraliq modda almashinuvi tufayli pantoten kislotasi bilan bir xil biologik samaradorlikka ega. Pantoten kislotasi va uning tuzlari suvda eruvchi vitaminlar bo‘lib, koenzim A tarkibida ko‘plab metabolik jarayonlarda ishtirok etadi.
Dekspantenolni mahalliy qo‘llash shikastlangan teri va/yoki shilliq qavatlarning pantoten kislotasiga bo‘lgan oshgan ehtiyojini qoplashi mumkin. Faol modda teri orqali so‘riladi. Teri va shilliq qavatlarda faol moddaning metabolizmi bo‘yicha batafsil tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
Farmakokinetikasi
Tashqi qo‘llanganda dekspantenol teri orqali tez so‘riladi va pantoten kislotasiga aylanadi. Pantoten kislotasi qon plazmasi oqsillari bilan bog‘lanadi; u biotransformatsiyaga uchramaydi va organizmdan o‘zgarmagan holda asosan siydik (60–70 %) va najas bilan chiqariladi.
Nojo'ya ta'sirlar
Allergik reaksiyalar, shu jumladan kontakt dermatit, allergik dermatit, qichishish, eritema, ekzema, toshma, eshakemi, terining tirnashishi.
Bolalar uchun qo'llanilishi
Bolalarda ehtiyotkorlik bilan, oldindan shifokor bilan maslahatlashgan holda qo‘llanadi.
Homiladorlik va laktatsiya davrida qo'llanishi
Pantotenat faol transport jarayoni orqali yo‘ldosh to‘sig‘idan o‘tadi va uning o‘zlashtirilishiga mutanosib ravishda ko‘krak sutiga ajraladi.
Dekspantenolning mahalliy qo‘llangandan keyingi tizimli o‘zlashtirilishi noma’lum bo‘lgani sababli, homiladorlik yoki emizish davrida Pantenol aerozolni terining katta maydonlariga qo‘llash zarur bo‘lsa, ona uchun foyda va homila/bola uchun ehtimoliy xavfni sinchiklab baholash lozim. Homiladorlik vaqtida preparatni faqat shifokor tavsiyasi bilan qo‘llash mumkin.
Emizish davrida so‘rg‘ichlar yorilishini davolash uchun qo‘llanganda preparatni emizishdan oldin yuvib tashlash kerak.
Dozani oshirib yuborilishi
Preparatning dozasi oshirib yuborilishi holatlari ta’riflanmagan. Preparat faqat tashqi qo‘llash uchun mo‘ljallanganligi sababli, dozani oshirib yuborish simptomlari rivojlanishi ehtimoli juda kam.
Dori shaklining ta'rifi
Oq rangli, o‘ziga xos yengil hidli ko‘pik.
Maxsus ko‘rsatmalari
Preparat birinchi marta qo‘llanganda konteynerni yaxshilab chayqatish, ko‘pik paydo bo‘lguncha birinchi porsiyani chiqarib yuborish va shundan keyingina zararlangan yuzaga surtish kerak.
Ko‘pik ko‘zga tushishidan saqlanish kerak. Agar tasodifan ko‘zga tushib qolsa, uni suv bilan yuvish lozim.
Preparatni yara, kuyish, trofik va nurlanish yaralariga ko‘p miqdorda yiringli ekssudat ajralayotgan hollarda surtish tavsiya etilmaydi, chunki u regeneratsiya bosqichida qo‘llash va nurlanish asoratlarining oldini olish uchun mo‘ljallangan.
Aerozol konteyneri bosim ostida bo‘ladi. Shu sababli uni tushirib yuborish, urib olish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri ta’siri va 45 °C dan yuqori qizib ketishdan saqlash kerak. Preparat ishlatib bo‘lingandan keyin ham konteynerni ochmang va yoqmang. Preparatni ochiq olov yaqinida yoki qizigan buyumlar ustiga purkamang.
Setostearil spirti mahalliy teri reaksiyalarini, masalan, kontakt dermatitni chaqirishi mumkin.
PANTENOL AEROZOL preparatini qo‘llashda yosh bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Bolalarda preparatni shifokor tavsiyasi bilan va kattalar nazorati ostida qo‘llash kerak.
Bronx-o‘pka kasalliklari bo‘lgan bemorlar preparat purkamasini nafas bilan ichiga tortmasliklari kerak, chunki bu shilliq qavatni tirnashi va astma xurujini qo‘zg‘atishi mumkin.
Dori vositalarining o'zaro ta'siri
Dekspantenolning tashqi qo‘llangandagi boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta’siri aniqlanmagan.
Saqlash sharoitlari
Bolalar ololmaydigan joyda, +15 °C dan +25 °C gacha bo‘lgan haroratda saqlansin.
Yaroqlilik muddati: 2 yil. Yaroqlilik muddati o‘tgandan keyin qo‘llanmasin.
Qo‘llash usuli va dozirovkasi
Pantenol aerozol zararlangan joyga kuniga bir yoki bir necha marta teng ravishda purkaladi.
Preparatni purkash vaqtida konteynerni tik holatda, klapani yuqoriga qaratib ushlang. Sifatli ko‘pik hosil bo‘lishi uchun har safar qo‘llashdan oldin, ayniqsa preparat uzoq vaqt ishlatilmagan bo‘lsa, konteynerni yaxshilab chayqatish kerak. Preparat birinchi marta ishlatilganda dastlab ko‘pik hosil bo‘lishidan oldin faqat propelent chiqishi mumkin.
Nasadka zararlangan joyga yaqinlashtiriladi va unga sekin bosiladi, preparat 10–20 sm masofadan 1–2 soniya davomida zararlangan joyga teng ravishda purkaladi.
Davolash davomiyligi kasallik turi va kechishiga bog‘liq bo‘lib, shifokor maslahati bilan belgilanadi.
Agar Pantenol aerozol yuz sohasiga qo‘llanadigan bo‘lsa, uni bevosita yuzga purkash tavsiya etilmaydi. Preparatni avval qo‘lga purkab, keyin yuzning kerakli qismiga surtish maqsadga muvofiq. Preparatni ko‘zga, og‘izga yoki burunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri purkamang.
- 1. Dori vositalari va tibbiy buyumlar Davlat reestri (O‘zbekiston Respublikasi)
- 2. Ishlab chiqaruvchining rasmiy yo‘riqnomasi
- 3. Anatomik-terapevtik-kimyoviy tasnif (ATX)


















