Prolid ko'rsatmalar
QO‘LLASH BO‘YICHA YO‘RIQNOMA
PROLID
PROLID
Preparatning savdo nomi: Prolid
Ta‘sir etuvchi modda (XPN): nimesulid (nimesulide)
Dori shakli: tabletkalar
Tarkibi:
1 tabletka quyidagilarni saqlaydi;
faol modda: nimesulid – 100 mg;
yordamchi moddalar: mikrokristall sellyuloza, natriy kroskarmellozasi, magniy stearati, aerosil 200.
Ta‘rifi: sariq rangli, dumaloq, bir tomonida N bosib tushirilgan qobiqsiz tabletkalar.
Farmakoterapevtik guruhi: nosteroid yallig‘lanishga qarshi va revmatizmga qarshi preparatlar.
ATX kodi: M01AX17.
Farmakologik xususiyatlari
Farmakodinamikasi
Nimesulid – yallig‘lanishga qarshi, og‘riqni qoldiruvchi va isitmani tushiruvchi xususiyatlarga ega bo‘lgan faol moddadir. Nimesulid SOG II (siklooksigenaza II) ni ingibisiya qiladi va yallig‘lanish o‘chog‘ida prostaglandinlarning sintezini susaytiradi.
Nimesulid mieloperoksidaza fermentini ajralib chiqishini ingibisiya qiladi, shuningdek fagositoz va xemotaksis jarayonlariga ta‘sir qilmasdan, kislorodning erkin radikallarini hosil bo‘lishini susaytiradi, o‘smalarning nekrozi omili va yallig‘lanishning boshqa mediatorlarining hosil bo‘lishini susaytiradi.
Farmakokinetikasi
Ichga qabul qilinganidan keyin nimesulid me‘da-ichakdan tez so‘riladi. Qon plazmasidagi maksimal konsentrasiyasi 2-3 soatdan keyin aniqlanadi. Nimesulidning plazma oqsillari bilan bog‘lanishi 97,5% ga yetadi.
Preparat jigarda metabolizmga uchraydi, metabolizmning asosiy mahsuloti – farmakologik faol modda – gidroksinimesuliddir. Qabul qilingan nimesulid dozasining taxminan 65% siydik bilan, qolgan 35% ahlat bilan chiqariladi.
Qo‘llanilishi
Revmatizm, Bexterev kasalligi (ankilozlovchi spondiloartrit), osteoartroz, sinovit, tendenit, tendovaginit, bursit, og‘riqli sindrom (algodismenoreya, posttravmatik og‘riqlar), infeksion-yallig‘lanish kasalliklaridagi isitma sindromi, umurtqa pog‘onasidagi og‘riqlar, nevralgiya, mialgiya, yumshoq to‘qimalar va tayanch-harakat apparatining travmatik yallig‘lanishida qo‘llanadi.
Qo‘llash usuli va dozalari
Nojo‘ya reaksiyalarning paydo bo‘lishini oldini olish maqsadida va ko‘rinishlarini susaytirish uchun preparatni juda qisqa vaqt davomida va minimal samarali dozada qabul qilish kerak. Preparatni faqat xavf/foyda nisbatini sinchiklab baholashdan keyin buyurish kerak.
Preparat ovqatdan keyin va yetarli miqdordagi suyuqlik bilan birga qabul qilinadi.
Kattalar va 12 yoshdan oshgan bolalar uchun – 1 tabletka (100 mg) dan sutkada 2 marta – ertalab va kechqurun. Davolashning maksimal davomiyligi 15 kun.
Keksa yoshli bemorlar uchun ko‘rsatilgan dozalash sxemasiga tuzatish kiritish talab qilmaydi.
Nojo‘ya ta‘sirlari
Preparat qo‘llanganida asosan davolash boshlanganidan keyingi birinchi hafta davomida quyidagi nojo‘ya samaralari paydo bo‘lishi mumkin:
teri tomonidan: ko‘pincha toshma, qichishish, kuchli terlash, eritema, dermatit; yakka hollarda – angionevrotik shish, yuzni shishi, ko‘pshaklli eritema, eshakemi, Stivens-Djonson sindromi va toksik epidermal nekroliz paydo bo‘ladi;
ovqat qabul qilish tizimi tomonidan: ko‘ngil aynishi, gastrit, qorin og‘rig‘i, diareya, qabziyat, meteorizm; yakka hollarda – stomatit, melena, me‘da yoki o‘nikki barmoq ichakning peptik yarasi, yarani perforasiyasi yoki me‘da-ichakdan qon ketishi;
jigar tomonidan: sariqlik, xolestaz, jigar transaminazalarining darajasini oshishi, ba‘zida o‘tkir gepatit holatlari, xatto o‘lim bilan yakunlanishi mumkin;
markaziy nerv tizimi tomonidan: uyquchanlik, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ensefalopatiya (Rey sindromi);
ruxiy buzilishlar: xavotirlik hissi, asabiylik, dahshatli tush ko‘rishlar;
buyraklar tomonidan: shishlar, dizuriya, gematuriya, siydik chiqarilishini tutilishi, oliguriya, inderstisial nefrit va buyrak yetishmovchiligining alohida hollari;
qon yaratish tizimi tomonidan: anemiya, eozinofiliya, yakka hollarda pansitopeniya, purpura va trombositopeniya;
immun tizimi tomonidan: o‘ta yuqori sezuvchanlik, anafilaksiya;
nafas tizimi tomonidan: dispnoe, yakka hollarda – astma, bronxospazm, ayniqsa asetilsalisil kislotasi va boshqa nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalarga yuqori sezuvchanligi bo‘lgan bemorlarda;
yurak-qon tomir tizimi tomonidan: taxikardiya, arterial gipertenziya, kam – qon ketishi, oqib kelishlar, arterial bosimini tebranishlari.
Shuningdek preparatni qabul qilish vaqtida ko‘rishning aniqligini buzilishi, asteniya, gipotermiya, giperkaliemiya bo‘lishi mumkin.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar
Me‘da va o‘nikki barmoq ichakning zo‘rayish bosqichidagi yara kasalligi; jigar faoliyatining yaqqol buzilishdari va anamnezdagi preparatni qabul qilishga gepatotoksik reaksiyalar; buyraklar faoliyatini og‘ir buzilishlari (kreatinin klirensi minutiga 30 ml dan kam), qon ivishini og‘ir buzilishlari; preparatning ta‘sir etuvchi moddasiga va har qanday komponentiga o‘ta yuqori sezuvchanlik, shuningdek anamnezdagi boshqa nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalarga yuqori sezuvchanlik reaksiyalari; homiladorlik (III uch oylik) va emizish davri, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar.
Dorilarning o‘zaro ta‘siri
Varfarin va unga o‘xshash antikoagulyantlar, asetilsalisil kislotasi bilan bir vaqtda qo‘llanganida qon ketishlarining yuqori xavfi mavjud.
Buyraklar va yurak faoliyatini buzilishlari bo‘lgan bemorlarni davolashda nimesulid va furosemidni bir vaqtda qo‘llash ehtiyotkorlikni talab qiladi.
Nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalar litiyning klirensini kamaytiradi, u plazmada litiyning konsentrasiyasini oshishiga va uning zaharliligini oshishiga olib keladi. Shuning uchun nimesulid va litiy bir vaqtda qo‘llanganida plazmada litiyning konsentrasiyasini sinchiklab nazorat qilish kerak.
Nimesulid digoksin, teofillin, glibenklamid, ranitidin, antasidlar bilan bir vaqtda qo‘llanganida klinik ahamiyatli o‘zaro ta‘siri aniqlanmagan.
Nimesulid CYP 2C9 fermentining ta‘sirini susaytiradi. Shuning uchun bu fermentning ta‘siriga duchor bo‘lgan preparatlarning plazmadagi konsentrasiyasi, ular nimesulid bilan bir vaqtda qo‘llanganida oshishi mumkin.
Agar preparat metotreksat qo‘llanganidan keyin kamida 1 sutkadan kamroq o‘tgach yoki 1 sutka oldin qo‘llangan bo‘lsa, ehtiyotkorlikka rioya qilish kerak, chunki metotreksatning qon zardobidagi konsentrasiyasi va uning zaharliligi oshadi.
Nimesulid bilan bir vaqtda qo‘llanganida siklosporinlarning nefrotoksikligi oshishi mumkin.
Maxsus ko‘rsatmalar
Nojo‘ya samaralarini rivojlanish xavfini pasaytirish uchun eng kam davomiylikka ega davolash kursi bilan minimal samarali dozani qo‘llash kerak. Agar bemorning holati yaxshilanmasa, davolashni to‘xtatish kerak.
Jigar fermentlarining darajasini oshishi yoki jigarning shikastlanish belgilari (masalan, anoreksiya, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i, charchoqlik hissi, to‘q rangli siydik) aniqlangan hollarda preparatni bekor qilish kerak. Bunday bemorlarga keyinchalik nimesulidni buyurish man etiladi.
Prolid bilan davolanish vaqtida gepatotoksik preparatlar, analgetiklar, boshqa nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalarni bir vaqtda qo‘llashdan, shuningdek alkogolni iste‘mol qilishdan saqlanish tavsiya qilinadi.
Me‘da-ichakdan qon ketishi yoki yara/perforasiya, preparat qo‘llanganida, ogohlantiruvchi simptomlar bilan yoki ularsiz, anamnezdagi me‘da-ichak asoratlarida ham, ularsiz ham har qanday vaqtda rivojlanishi mumkin. Me‘da-ichakdan qon ketishlari yoki yaralar paydo bo‘lganida preparatni bekor qilish kerak.
Prolidni anamnezida me‘da-ichak buzilishlari, yarali koliti yoki Kron kasalligi bo‘lgan pasientlarga ehtiyotkorlik bilan buyurish kerak. Buyrak yoki yurak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarga preparatni ehtiyotkorlik bilan buyurish kerak, chunki uni qo‘llash buyrak faoliyatini yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Buyrak faoliyati yomonlashgan hollarda preparatni bekor qilish kerak.
Keksa yoshli bemorlarda preparatni qabul qilish oqibatida, ko‘pincha nojo‘ya samaralari, shu jumladan me‘da-ichakdan qon ketishlari, perforasiyalar, yurak, buyrak va jigar faoliyatini buzilishlari rivojlanishi mumkin. Shuning uchun pasientning holatini muntazam klinik nazorat qilish tavsiya qilinadi.
Gemorragik dializi bo‘lgan bemorlarda nimesulid trombositlarning faoliyatini buzishi mumkinligi tufayli, uni ehtiyotkorlik bilan, doimiy nazorat ostida qo‘llash kerak.
Nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalarni qo‘llash, bakterial infeksiya foni bilan bog‘liq bo‘lgan tana haroratini oshishini niqoblashi mumkin. Tana harorati oshganida yoki grippga o‘xshash simptomlar paydo bo‘lganida preparatni qabul qilishni to‘xtatish kerak.
Homiladorlik yoki emizish davrida qo‘llanishi.
Homiladorlik. Prolidni homiladorlikning oxirgi uch oyligida qo‘llash mumkin emas.
Nimesulidni qo‘llash ayollar fertilligini buzishi mumkin va homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga tavsiya qilinmaydi. Prostaglandinlarning sintezini susaytiruvchi boshqa nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalari kabi, Prolid ham botallov yo‘lini barvaqt yopilishiga sabab bo‘lib xizmat qilishi va o‘pka gipertenziyasini, oliguriya va kam – suvsizlikni chaqirishi mumkin. Qon ketishlari, bachadon atoniyasi va periferik shishlarning rivojlanishini xavfi oshadi. Shuningdek preparatni homilador ayollarda qo‘llash yuzasidan ma‘lumotlarning yo‘qligini hisobga olib, Prolidni homiladorlikning I va II uch oyliklarida buyurish tavsiya qilinmaydi.
Emizish. Nimesulidni ko‘krak sutiga o‘tishini, noma‘lumligi tufayli, Prolidni emizish davrida qo‘llash mumkin emas.
Bolalar
Preparatni 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qo‘llash mumkin emas. 12 yoshdan oshgan bolalar uchun dozalash kattalarniki bilan bir xil.
Avtotransportni boshqarishda yoki boshqa mexanizmlar bilan ishlashda reaksiya tezligiga ta‘sir qilish qobiliyati
Davolash davomida avtotransportni boshqarish va diqqatni yuqori jamlashga va psixomotor reaksiyalarning tezligiga muhtoj bo‘lgan boshqa potensial xavfli faoliyat turlari bilan shug‘ullanish vaqtida ehtiyotkorlikka rioya qilish kerak.
Preparat bolalar ololmaydigan joyda saqlansin va yaroqlilik muddati o‘tgach ishlatilmasin.
Dozani oshirib yuborilishi
Simptomlari. Doza oshirib yuborilganida letargiya, uyquchanlik, ko‘ngil aynishi, qorinusti sohasida og‘riq kuzatiladi, shuningdek me‘da-ichakdan qon ketishlari, arterial gipertenziya, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, nafasni susayishi, anafilaktoid reaksiyalar va koma paydo bo‘lishi mumkin.
Davolash. Spesifik antidoti yo‘q. Doza oshirib yuborilgan hollarda simptomatik davolash o‘tkazilishi kerak. Bemorlarda birinchi 4 soat davomida me‘dani yuvish va faollashtirilgan ko‘mirni qo‘llash kerak. Gemodializ samarasiz. Buyraklar va jigar faoliyatini sinchiklab nazorat qilish kerak.
Chiqarilish shakli
10 disperlangan tabletkadan blisterda.
Saqlash sharoiti
25°S oshmagan haroratda, quruq va yorug‘likdan himoyalangan joyda saqlansin
Yaroqlilik muddati
3 yil.
Dorixonalardan berish tartibi
Resept bo‘yicha.
Chiqarish shakllari