MEDEKSOL analoglari
To‘g‘ridan-to‘g‘ri analoglar


Guruh analoglari
MEDEKSOL
Retseptli
- Tomchilar
Deksametazon
• Biriktiruvchi to‘qimaning tizimli kasalliklari (tizimli qizil yugurik, skleroderma, tugunchali periarteriit, dermatomiozit, revmatoid artrit).
• Bo‘g‘imlarning o‘tkir va surunkali yallig‘lanish kasalliklari: podagrik va psoriatik artrit, osteoartroz (shu jumladan posttravmatik), poliartrit, yelka-kurak periartrozi, ankilozlovchi spondilit (Bexterev kasalligi), yuvenil artrit, kattalardagi Still sindromi, bursit, nospetsifik tendosinovit, sinovit va epikondilit.
• Revmatik isitma, o‘tkir revmokardit.
• O‘tkir va surunkali allergik kasalliklar: dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlariga allergik reaksiyalar, zardob kasalligi, eshakemi, allergik rinit, angionevrotik shish, dori ekzantemasi, pollinoz.
• Teri kasalliklari: pemfigus, psoriaz, ekzema, atopik dermatit, diffuz neyrodermit, kontakt dermatit (teri yuzasining katta qismi zararlanganda), toksikodermiya, seboreyali dermatit, eksfoliativ dermatit, toksik epidermal nekroliz (Layell sindromi), bullyoz gerpetiform dermatit, xavfli ekssudativ eritema (Stivens–Jonson sindromi).
• Bosh miya shishi (faqat bosh ichki bosimi oshganligi simptomlari magnit-rezonans tomografiya yoki kompyuter tomografiyasi natijalari bilan tasdiqlangandan keyin), bosh miya o‘smalari bilan bog‘liq va/yoki jarrohlik aralashuvi yoki nur bilan davolash oqibatida yuzaga kelgan hollarda.
• Ko‘zning allergik kasalliklari: shox pardaning allergik yaralari, konyunktivitning allergik shakllari.
• Ko‘zning yallig‘lanish kasalliklari: simpatik oftalmiya, og‘ir sust kechuvchi oldingi va orqa uveitlar, ko‘ruv nervi nevriti.
• Birlamchi yoki ikkilamchi buyrak usti bezi yetishmovchiligi (shu jumladan buyrak usti bezlari olib tashlangandan keyingi holat).
• Tug‘ma buyrak usti bezi giperplaziyasi.
• Autoimmun kelib chiqishga ega buyrak kasalliklari (shu jumladan o‘tkir glomerulonefrit), nefrotik sindrom.
• Subo‘tkir tireoidit.
• Qon hosil qilish a’zolari kasalliklari: agranulotsitoz, panmiyelopatiya, autoimmun gemolitik anemiya, o‘tkir limfoid va miyeloid leykozlar, limfogranulematoz, trombotsitopenik purpura, kattalardagi ikkilamchi trombotsitopeniya, eritroblastopeniya (eritrotsitar anemiya), tug‘ma (eritroid) gipoplastik anemiya.
• O‘pka kasalliklari: o‘tkir alveolit, o‘pka fibrozi, II–III bosqich sarkoidoz.
• Bronxial astma (bronxial astmada preparat faqat og‘ir kechishda, ingalyatsion GKS samara bermaganda yoki ularni qabul qilishning imkoni bo‘lmaganda buyuriladi).
• Tuberkulyoz meningiti, o‘pka tuberkulyozi, aspiratsion pnevmoniya (maxsus kimyoterapiya bilan birga).
• Berillioz, Leffler sindromi (boshqa terapiyaga bo‘ysunmaganda).
• O‘pka saratoni (sitostatiklar bilan birga qo‘llanganda).
• Tarqoq skleroz.
• Oshqozon-ichak yo‘li kasalliklari: yarali kolit, Kron kasalligi, lokal enterit.
• Gepatit.
• Kompleks terapiya tarkibida transplantatni rad etish reaksiyasining oldini olish.
• Onkologik kasalliklar fonida giperkalsemiya, sitostatik terapiya o‘tkazilganda ko‘ngil aynishi va qusish.
• Miyeloma kasalligi.
• Buyrak usti bezi po‘stlog‘i giperplaziyasi (giperfunksiyasi) va o‘smalarini differensial diagnostika qilishda sinama o‘tkazish.
Nojo‘ya reaksiyalar tizimli-a’zo sinflari (TAS) asosida tartibga solingan.
Deksametazon bilan davolash vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya reaksiyalar uchrash tezligiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
juda tez-tez (≥ 1/10), tez-tez (≥ 1/100, biroq < 1/10), tez-tez emas (≥ 1/1000, biroq < 1/100), kam hollarda (≥ 1/10 000, biroq < 1/1000), juda kam hollarda (< 1/10 000), tezligi noma’lum (mavjud ma’lumotlar asosida baholab bo‘lmaydi).
Har bir tezlik guruhida nojo‘ya reaksiyalar og‘irlik darajasining kamayib borish tartibida keltirilgan.
Nojo‘ya reaksiyalar uchrash tezligi davolash davomiyligi va dozaga bog‘liq.
Deksametazon bilan qisqa muddat davolashda quyidagi nojo‘ya reaksiyalar yuzaga kelishi mumkin:
Immun tizimi tomonidan:
tez-tez emas: yuqori sezuvchanlik reaksiyalari.
Endokrin buzilishlar:
tez-tez: buyrak usti bezlari funksiyasining vaqtincha susayishi, glyukozaga tolerantlikning buzilishi.
Metabolizm va oziqlanish buzilishlari:
tez-tez: uglevodlarga tolerantlikning pasayishi, ishtahaning kuchayishi va tana vaznining oshishi;
tez-tez emas: gipertrigliseridemiya.
Ruhiy buzilishlar:
tez-tez: ruhiy buzilishlar.
Oshqozon-ichak yo‘li buzilishlari:
tez-tez emas: peptik yara va o‘tkir pankreatit.
Deksametazon bilan uzoq muddat davolashda quyidagi nojo‘ya reaksiyalar yuzaga kelishi mumkin:
Immun tizimi tomonidan:
tez-tez emas: immunitetning pasayishi va infeksiyalarga yuqori moyillik.
Endokrin buzilishlar:
tez-tez: buyrak usti bezlari faoliyatining uzoq davom etuvchi susayishi, bolalar va o‘smirlarda o‘sishning kechikishi.
Metabolizm va oziqlanish buzilishlari:
tez-tez: markaziy tipdagi semizlik.
Ko‘rish a’zosi tomonidan buzilishlar:
tez-tez emas: katarakta, glaukoma.
Tomirlar tomonidan buzilishlar:
tez-tez emas: arterial gipertenziya.
Teri va teri osti to‘qimalari tomonidan buzilishlar:
tez-tez: eritema, yupqalashgan va sezgir teri.
Mushak, skelet va biriktiruvchi to‘qima tomonidan buzilishlar:
tez-tez: mushaklar atrofiyasi, osteoporoz;
tez-tez emas: suyaklarning aseptik nekrozi.
Shuningdek, deksametazon bilan davolashda quyidagi nojo‘ya reaksiyalar ham yuzaga kelishi mumkin (og‘irlik darajasining kamayib borish tartibida keltirilgan):
Qon va limfa tizimi tomonidan buzilishlar:
kam hollarda: tromboembolik asoratlar, monotsitlar va/yoki limfotsitlar miqdorining pasayishi, leykotsitoz, eozinofiliya (boshqa GKS qo‘llangandagidek), trombotsitopeniya va trombotsitopenik bo‘lmagan purpura.
Immun tizimi tomonidan buzilishlar:
kam hollarda: toshma, angionevrotik shish, bronxospazm, anafilaktik reaksiya.
Yurak tomonidan buzilishlar:
juda kam hollarda: ko‘p o‘choqli qorinchalar ekstrasistoliyasi, almashinib turuvchi bradikardiya, yurak yetishmovchiligi, yaqinda o‘tkazilgan o‘tkir miokard infarktidan keyin miokard yorilishi.
Tomirlar tomonidan buzilishlar:
tez-tez emas: gipertonik ensefalopatiya.
Asab tizimi tomonidan buzilishlar:
tez-tez emas: davolash tugagandan keyin papilloedema (ko‘ruv nervi diski shishi) va bosh ichki bosimning oshishi (bosh miyaning soxta o‘smasi), bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i;
juda kam hollarda: tirishishlar.
Ruhiy buzilishlar:
tez-tez emas: shaxsiyat va xulq-atvorning o‘zgarishi, ko‘pincha eyforiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi; shuningdek uyqusizlik, ta’sirchanlik, giperkineziya, depressiya ham kuzatilgan;
kam hollarda: psixoz.
Endokrin buzilishlar:
tez-tez: buyrak usti bezlari faoliyatining susayishi va atrofiyasi (stressga javob reaksiyasining pasayishi), Itsenko–Kushing sindromi, hayz siklining buzilishi, girsutizm.
Metabolizm va oziqlanish buzilishlari:
tez-tez: latent qandli diabetning klinik namoyon bo‘luvchi shaklga o‘tishi, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda insulin yoki og‘iz orqali qabul qilinadigan diabetga qarshi preparatlarga ehtiyojning ortishi, organizmda natriy va suvning ushlanib qolishi, kaliy chiqarilishining kuchayishi;
juda kam hollarda: gipokaliemik alkaloz, oqsillar katabolizmi oqibatidagi manfiy azot balansi.
Oshqozon-ichak yo‘li buzilishlari:
tez-tez emas: ko‘ngil aynishi, hiqichoq, me’da yoki o‘n ikki barmoq ichakning peptik yaralari;
juda kam hollarda: ezofagit, yaralarning perforatsiyasi va oshqozon-ichak yo‘lidan qon ketishlar (qonli qusish, melena), pankreatit, o‘t pufagi perforatsiyasi va ichak perforatsiyasi (asosan surunkali yallig‘lanishli ichak kasalliklari bo‘lgan bemorlarda).
Mushak, skelet va biriktiruvchi to‘qima tomonidan buzilishlar:
tez-tez: mushak kuchsizligi, steroid miopatiya (mushak katabolizmi oqibatida mushak kuchsizligi);
juda kam hollarda: umurtqalarning kompression sinishlari, paylarning yorilishi (ayniqsa ayrim xinolonlarni qabul qilganda).
Teri va teri osti to‘qimalari tomonidan buzilishlar:
tez-tez: yaralarning sekin bitishi, striyalar (cho‘zilish izlari), petexiyalar va ekximozlar, ko‘p terlash, akne, allergologik sinovlar o‘tkazilganda teri reaksiyasining susayishi;
juda kam hollarda: allergik dermatit, eshakemi, teri va teri osti to‘qimalarining atrofiyasi.
Ko‘rish a’zosi tomonidan buzilishlar:
tez-tez emas: ko‘z ichki bosimining oshishi;
kam hollarda: ko‘rishning xiralashishi (qarang: “Maxsus ko‘rsatmalar” bo‘limi ham);
juda kam hollarda: ekzoftalm;
tezligi noma’lum: xorioretinopatiya.
Reproduktiv tizim va sut bezlari tomonidan buzilishlar:
kam hollarda: impotensiya.
Umumiy buzilishlar va yuborilgan joydagi reaksiyalar:
juda kam hollarda: periferik shishlar.
Alohida nojo‘ya reaksiyalar tavsifi
GKSni bekor qilish sindromi simptomlari
Uzoq vaqt davomida GKS bilan davolangan bemorlarda doza juda tez kamaytirilganda buyrak usti bezlari yetishmovchiligi belgilari, arterial gipotenziya va letal oqibat yuzaga kelishi mumkin.
Ba’zi hollarda bekor qilish sindromi simptomlari bemor davolangan kasallikning zo‘rayishi yoki qaytalanishi simptomlari va belgilariga o‘xshash bo‘lishi mumkin.
Retseptli / Retsepsiz
- Tabletkalar
- Eritma
- Tomchilar
Oftan-Deksametazon
Retseptli
- Tomchilar
















